Isroil 1 askari evaziga 1027 falastinlikni qo'yib yuboradi

  • Amerika Ovozi

Gilad Shalit 2006 yildan beri XAMAS qo'lida

Gilad Shalit 2006 yildan beri XAMAS qo'lida

Isroil hukumati G'azo sektorida hukmron XAMAS guruhi bilan mahbus almashishga kelishib olgan. Isroil askari Gilad Shalit 2006-yildan beri falastinlik jangarilar qo'lida edi.

O’rtada vositachilik qilgan Misr sa’y-harakatlari bilan Benyamin Netanyaxu hukumati 1027 falastinlik mahbusni qo'yib yuboradi.

Isroil rasmiylari fikricha, bu eng ma’qul kelishuv. XAMAS shu paytgacha Isroildan minglab mahbusni ozod etishni talab qilib kelayotgan edi, ayniqsa, yahudiy davlatiga qarshi xurujlarda ayblanib qamalgan falastinliklarni.

G'azo sektori XAMAS qo'lida

G'azo sektori XAMAS qo'lida

XAMAS yetakchisi Xolid Mash’al bu xabarni tasdiqladi. G’azoda va yana qator shaharlarda katta shodiyona boshlandi.

Kecha Netanyaxu favqulodda majlis o'tkazgan va yuqoridagi qaror ko’pchilik ovoz bilan ma'qullangan.

Shalit va falastinlik 450 mahbus tez kunda, qolganlar kelasi ikki oy davomida erkinlikka chiqadi. Oxirgi besh yilda Gilad Shalit Isroil-Falastin muzokaralarining muhim bandiga aylanib ulgurgan edi.

Isroil xavfsizlik kuchlarining bildirishicha, mahbuslar orasida eng mashhuri, 2002-yilda ushlangan Marvan Barguti turmada qoladi.

Isroilliklarga qarshi qator hujumlarda aybdor topilgan Barguti umrbod qamoq jazosi olgan. Uni muxtoriyat rahbari Mahmud Abbosning vorisi deb ham ko’rishadi.

Yaqin Sharq To'rtligiga kirgan Amerika, BMT, Yevropa Ittifoqi va Rossiya esa Falastin va Isroilni tinchlik muzokaralari boshlashga undamoqda. Muloqot 23-oktabr Iordaniyada o’tishi kutilmoqda.

Kecha Ramalloh yaqinidagi qamoqxona oldida falastinliklar Isroil harbiylari bilan to'qnashgan. Bir necha odam yaralangan. Omma turmadagi sharoit og'ir ekanidan noliydi. Isroil buni rad etadi.

Yuzlab mahbuslar ochlik e'lon qilgan. Isroil qamoqxonalarida 6000 dan oshiq falastinlik bor. Ko'pi yahudiylarni o'ldirganlik yoki urganlikda aybdor deb topilgan.

Rasmiylar mahbuslar ochlikni bas qilmasa, zo'rlab ovqatlantiriladi deya ogohlantirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG