Isroil Eronga qarshi harbiy chora ko'rish qarorida qat'iy

  • Amerika Ovozi

Isroil Mudofaa vaziri Yahud Barak Eron yadro inshootlarini harbiy yo'l bilan yakson qilish tarafdori.

Isroil Mudofaa vaziri Yahud Barak Eron yadro inshootlarini harbiy yo'l bilan yakson qilish tarafdori.

Isroil Eron yadro dasturiga qarshi harbiy chora ko’rilishini istaydi. Mudofaa vazirligi hukumatning shu mazmundagi pozitsiyasi haqida tinimsiz bong urayotgan bir paytda, xavfsizlik idoralari rahbarlari Eronga qarshi hujumning oqibati yaxshi bo’lmasligi haqida ogohlantirmoqda.

Isroil Mudofaa vaziri Yahud Barakning aytishicha, jazo choralari Eronni muzokara stoliga qaytarishga qaratilgan xalqaro harakatlarga yordam bermoqda.

“Bugun jazo choralari har qachongidan kuchli. Ular Eronni yana muzokara boshlashga majbur qildi. Ammo bu muloqotlar meni ishontira olmaydi. Umidsizdek ko’rinayotgan bo’lishim mumkin, ammo Isroil davlati aldanadigan darajada ahmoq emas”, deydi Yahud Barak.

Mudofaa vazirining aytishicha, Eron o’z yadro inshootlarini harbiy hujumlardan himoyalash uchun vaqtdan yutishga harakat qilyapti.

Yahud Barak Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning Eronga qarshi qarashlarini qattiq qo’llab-quvvatlayotgan rasmiylardan. Isroil hukumati nazarida Eron yadro bombasi ustida ishlayapti.

Ammo xavfsizlik idorasi yetakchilarining xavotir bildirishicha, Eronga qarshi urush ochish kutilgan samara bermasligi mumkin.

G’arb davlatlari Eronga elektr energiyasini olish va tibbiy maqsadlar uchun yetarli darajada uranni boyitish imkoniyatini berishni taklif qilmoqda. Harbiy hujum faqat so’nggi chora bo’lishi lozim, deydi g’arblik rasmiylar.

Lekin Barakning aytishicha, Eronga ishonib bo’lmaydi.

“Eronning o’z yadro dasturi bo’yicha to’qigan yolg’onlari va makri hanuz davom etyapti. Buni isbotlovchi hujjatlar bor. Shunga qaramay, dunyoning ayrim hududlari, shuningdek, turli siyosiy maqsadda bo’lgan ayrim isroilliklar lom-mim demaslikni afzal ko’rmoqda”, deydi Barak.

Rasmiy Tehronning ta’kidlashicha, Eronga qarshi har qanday hujum javobsiz qolmaydi. Barakning aytishicha esa, Tehron Isroilni yakson qilish niyatidan va xalqaro terrorizmni qo’llab-quvvatlashdan voz kechmas ekan, uning yadro qurolini qo’lga kiritishiga yo’l qo’yib bo’lmaydi.

“Harbiy chora osonlikcha qaror qilinadigan ish emas. Uning kutilmagan oqibatlari ham bo’ladi. Ammo yadro quroliga ega Eron Islom Respublikasi hudud uchun ham, butun dunyo uchun ham yanada xavfliroqdir”, deydi Isroil mudofaa vaziri.

Ayrim isroilliklar esa yana bir oz kutish kerak, degan fikrda. Eron bo’yicha tahlilchi Eytan Livnening aytishicha, sanksiyalar ishlashi uchun vaqt kerak.

“Sanksiyalar so’nggi chora bo’lgan harbiy hujumning keraksizligini ko’rsatish uchun qo’llanilyapti. Demak, jazo choralari foyda bermadi, deb aytishimiz uchun ularga yana bir bor imkon berish lozim”, deydi ekspert.

Uning aytishicha, sanksiyalar natija bermasagina, xalqaro hamjamiyat strategiyani o’zgartirish haqida o’ylab ko’rishi kerak.

Mart oyida AQSh prezidenti Barak Obama (o'ngda) Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni Oq Uyda qabul qildi. 5-mart, 2012-yil.

Mart oyida AQSh prezidenti Barak Obama (o'ngda) Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni Oq Uyda qabul qildi. 5-mart, 2012-yil.

Isroil saylov mavsumiga kirib bormoqda. Ko’plab muxolifat yetakchilari parlament tarqatilishini va olti oy ichida yangi saylovlar o’tkazilishini talab qilmoqda.

Yahudiy universiteti professori Abraxam Diskin fikricha, saylov mavsumida nomzodlar va saylovchilar asosan mahalliy masalalarga e’tibor qaratadi. Eronga hujum qilish yoki qilmaslik ikkinchi darajali mavzuga aylanadi, deydi u.

“Saylovchilarning Isroil qaroriga ta’siri yo’q, deb o’ylayman. Bu murakkab mavzu. Bir tomondan, uning muhimligi haqiqat bo’lsa, ikkinchi tomondan, bu bilan bog’liq xavf ehtimoli ham yuqori”, deydi olim.

Professorning aytishicha, Eronga qarshi hujumni targ’ib etish siyosatdonlarga vaqtinchalik obro’ keltirishi mumkin, ammo nomzodlar saylov davrida bunday xavfli missiyani amalga oshirishga jur’at qilishi qiyin.

AQShda qizg’in kechayotgan prezident saylovi kampaniyasi ham Eron masalasiga o’z ta’sirini o’tkazmoqda. O’tkazilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, isroilliklarning aksariyati Eronga qarshi hujumning AQSh bilan birgalikda amalga oshirilishini istaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG