Eron, Isroil orasida urush xavfi kuchayib bormoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Fors ko’rfazi mintaqasiga kema va samolyotlarini safarbar etar ekan, Eron yadro dasturi yuzasidan keskinlik oshib bormoqda. Uran boyitishda davom etayotgan islomiy respublika bilan xalqaro muzokaralar to’xtab qolgan. Isroil unga hujum qilishi mumkin, deydi ekspertlar.



Qo’shma Shtatlar Fors ko’rfazida harbiy salohiyatini oshirmoqda. Agar Eron yadro bombasi yasashga kirishsa, qiruvchi samolyotlar bir pasda bu mamlakatga yetib bora oladi.

Tahlilchilar fikricha, Isroil rahbariyati Eronga hujum qilish borasida qaror qilsa, shundoq ham namoyishlar domiga tortilgan Yaqin Sharqda vaziyat tamoman izdan chiqadi.

Patrik Kloson - Yaqin Sharqdagi jarayonlarni o’rganuvchi institut xodimi.

“Murosa uchun vaqt oz qolayapti. Afsuski, diplomatik harakatlar natija berganicha yo’q”, - deydi u.

Sentabr oxirlarida AQSh va yana 25 mamlakat ko’rfazda tarixdagi eng yirik harbiy mashqlarni boshlaydi. Eron neft savdosi uchun strategik ahamiyatga ega Xo’rmuz bo’g’ozini yopishini bildirgan.

G’arbga ogohlantirish tariqasida Tehron ham o’z harbiy mashqlarini o’tkazadi. Mamlakat oliy rahnamosi yadro dasturi faqat taraqqiyot uchun zarurligini bot-bot takrorlamoqda.

Bu orada, Xalqaro atom boshqarmasining ogohlantirishicha, Eronning yer osti laboratoriyalarida izlanishlar jadal olib borilyapti. Bu inshootlar xalqaro inspektorlar uchun yopiq. Boshqarma direktori Yukiya Amano deydiki:

“Safsatabozlikni bas qilib, amaliy ishga o’tish kerak”.

Bugunga kelib Eron iqtisodiyoti xalqaro sanksiyalar kuchi ostida ishdan chiqqan, milliy pul rial qadri pasayib ketgan. Obama ma’muriyati nazarida, bu muzokara uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Ammo Isroil hukumati bunday fikrda emas.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyatning Eronga shart qo’yishga botina olmayotgan a’zolari Isroilga yo’l-yo’riq ko’rsatishga haqli emas.

Eron yadro dasturi AQSh prezident saylovlari kampaniyasida ham bosh mavzulardan biri. Respublikachi Mitt Romni prezident Obamani sustkashlikda, Isroil himoyasida turmayotganlikda keskin tanqid qiladi.

Oq uyning javobi shuki, Eron qanday maqsadlarni ko’zlayotgani yuzasidan Amerika va Isroil hamfikr.

Sanksiyalar Eronni daromaddan ayirib, uni xalqaro moliya tizimidan uzib qo’ygan. Vashingtonda umid shuki, Tehron bora-bora murosaga keladi.

Eron kuchli bosim ostida va tobora yakkalanib bormoqda. Tahlilchi Partik Kloson fikricha, bu davlat sanksiyalardan qutulish uchun yadro dasturini qayta ko’rib chiqishga ko’nishi mumkin.

Oy oxirida BMT Bosh Assambleyasi majlisida Eron masalasi yana ko’rib chiqiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG