Breaking News

AQSh maxsus vakili Yaqin Sharq rahbarlari bilan uchrashadi


Falastin prezidenti Mahmud Abbos bundan norozi, biroq muzokarani tark etishga shoshmayapti. Qo’shma Shtatlar Mahmud Abbosning bosiq qadam tashlayotganidan mamnun.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos bundan norozi, biroq muzokarani tark etishga shoshmayapti. Qo’shma Shtatlar Mahmud Abbosning bosiq qadam tashlayotganidan mamnun.

AQShning Yaqin Sharq bo’yicha maxsus vakili Jorj Mitchell bugun Isroilga safarini boshlagan. Arang jonlangan tinchlik muloqotini qo’llashga urinayotgan arbob yahudiy davlati va Falastin rasmiylari bilan uchrashadi.

Isroil 10 oylik tanaffusdan so’ng shu kunlarda Iordan daryosining g’arbiy sohilida yahudiy mahallalarini qurishga qaytmoqda. Falastin prezidenti Mahmud Abbos bundan norozi, biroq muzokarani tark etishga shoshmayapti. Qo’shma Shtatlar Mahmud Abbosning bosiq qadam tashlayotganidan mamnun.

Qo’shma Shtatlar va Falastin g’arbiy sohilda qurilish ishlariga qo’yilgan cheklov uzaytirilsin deb taklif qilmoqda. Ammo Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu so’zida turib, moratoriy muddati tugadi, deydi.

Yahudiy rahbarini orqavarotdan qayrab turgan kuch ham bor – uning safdoshlari – koalitsion hukumat. Netanyaxu qurilish ishlarini jonlantirmasa, Isroil arboblari isyon ko’tarishi aniq.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos moratoriy yangilansin, bo’lmasa muzokarani tark etamiz, deb ogohlantirib kelgan. Lekin kecha Fransiyada so’zlagan Abbos tugal qaror qabul qilishdan oldin, arab davlatlari bilan maslahat qilib olishini aytgan. Bu esa muzokaradan umid bor, degani.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Krouli Falastin tomoni namoyish etgan sabr-toqatni olqishlagan.

“Muzokaradan har bir tomon manfaatdor”, - deydi Krouli. “Agar muloqot bo’lmasa, Isroil ko’zlagan xavfsizlik ham, Falastin oshiqqan bo’lajak davlat ham orzu bo’lib qolaveradi. Demak, har tomon vazminlik bilan ish ko’rishi kerak”.

O’tgan hafta Prezident Barak Obama BMT Bosh Assambleyasi sammitida so’zlar ekan, yahudiylar uchun uy-joy qurishni vaqtincha to’xtatib turishni, arab davlatlarini esa Isroil bilan murosaga kelishga undagan.

Fransiya hukumati Isroil va Falastinni kelasi oy Parijda uchrashishga taklif qilar ekan, Tashqi ishlar vaziri Bernar Kushner nazarida ruhiyatni tushirishga hojat yo’q. Arab Ligasi kelasi hafta majlis qiladi, Falastin ular bilan maslahat qilib olmoqchi. Muzokara davom etmoqda, deydi Kushner.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG