Isroilda yangi hukumat AQSh bilan qanday aloqada bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Yaqin Sharq tahlilchilariga ko’ra, Isroilda parlament saylovlari o’tib, endi yangi hukumat Vashington bilan aloqalarni yaxshilashga kirishadi. Falastin bilan tinchlik jarayonini jonlantirish, Eron yadro dasturiga qarshi chora ko’rish ham uchinchi muddatga saylangan Benyamin Netanyaxu zimmasida.

Yair Lapid Isroil siyosiy osmonida porlagan yangi yulduzlardan. 49 yoshli sobiq teleboshlovchi sentrist qarashlarga ega partiyasi bilan siyosiy maydonga kirib, saylovlarda marraga ikkinchi keldi. Yangi hukumat endi Lapid ishtirokisiz va fikrisiz tuzilmasligi aniq.

Tahlilchilar nazarida saylovlar Bosh vazir Benyamin Netanyaxu mavqeiga zarba bo’ldi. Uning konservativ partiyasi g’alaba qilgani bilan parlamentdagi bir necha o’rinni boy berdi.

Isroilda saylovlar o’tar ekan, Amerikada Barak Obama ikkinchi muddatga qasamyod keltirdi.

Kuzatuvchilar Obama qayta saylanganidan beri boshqaruvida shijoat ko’payganiga ishora qilmoqda.

Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti rahbari Robert Satloffning aytishicha, Netanyaxuning yutuqlarini Obamaniki bilan solishtirib bo’lmaydi, biroq Isroil rahbari o’zgacha siyosiy muhitda ishlashga majbur.

Ikki rahbarning o’tmishdagi munosabatlarini silliq deb bo’lmaydi.

Biroq Netanyaxu falastinliklar bilan muzokaralarga ochiq hukumat tuza olsa, aloqalar yaxshilanishi mumkin.

Qudduslik tahlilchi Deyvid Richchi nazarida yangi hukumat mo’tadil bo’lmasligi mumkin, biroq xalqaro bosimga e’tiborliroq bo’lib, muzokaralar jonlanishi mumkin.

"AQSh prezidentiga esa aynan shunaqasi kerak", - deydi u.

Obamaning inauguratsiyasidan so’ng Oq uy matbuot kotibi Jey Karni uning siyosatini yana bir bor eslatib o’tdi.

"Ikki tomon bevosita muzokara qilib, tinchlikda yonma-yon yashaydigan ikki davlat maqomini maromiga yetkazishi lozim", - deydi u.

Biroq falastinliklar Isroil yangi hukumatidan foyda bo’lishiga ishonmaydi.

Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod Malkiyning aytishicha, Falastin rahbariyati aniq chegaralar asosida muzokara qilishga tayyor.

"Biroq Isroil istilo, mojaro va do’q-po’pisa yo’lidan qaytmoqchi emas", - deydi u.

Agar Isroilda qarashlari mo’tadil hukumat shakllansa, ichki kuchlar Netanyaxuni Eronga qarshi harbiy hujumga gijgijlatmasligi mumkin.

Obama ma’muriyati sanksiya va diplomatiya yordamida qurolli to’qnashuvning oldini olsa bo’ladi, degan umidda.

Tahlilchi Robert Satloff nazarida Isroil hozircha tashabbusni AQShdan, Obamadan olmoqchi emas.

"Uning strategiyasi nima ish berishini oxirigacha ko’rmoqchi, bu siyosat Eronni yadro dasturining harbiy komponentidan muzokara orqali qaytara oladimi, yo’qmi, ko’rmoqchi", - deydi mutaxassis.

Isroilda yangi hukumat tuzish uchun bir necha hafta ketishi mumkin va uning qanday bo’lishi ko’p jihatdan Yair Lapid pozitsiyasiga bog’liq bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG