Falastin masalasi BMTda, Isroil esa qurilishni tezlashtiradi

  • Amerika Ovozi

Givat Xamatos mahallasi Quddus va Baytullahm o’rtasida joylashgan

Givat Xamatos mahallasi Quddus va Baytullahm o’rtasida joylashgan

YUNESKO (UNESCO) Falastinni o’z safiga kiritganidan so’ng, Isroil Quddus atrofida qurilish ishlarini yanada jadallashtirgan. Ushbu qaror xalqaro hamjamiyat tanqidiga sabab bo’lmoqda.

“Amerika Ovozi” muxbiri Skott Bobb Iordan daryosining g’arbiy sohilida bo’lib qaytdi.

Givat Xamatos mahallasi Quddus va Baytullahm o’rtasida joylashgan. Bundan 20 yil avval Efiopiya va Rossiyadan ko’chib kelganlarga vaqtinchalik uy-joy berishgan bu yerda. Hozir qishloqda 40 ta oila yashaydi. Isroil hukumati yangi loyiha bilan chiqmoqda.

Galia Koen nafaqaxo’r. 20 yildan buyon ijarada turadi. Yaxshiroq uyim bo’lsa deb orzu qiladi.

“Bu haqda ko’p gapirishadi-yu, hech narsa o’zgargani yo’q,” - deydi ayol.

Yakov Baruchi rafiqasi va ikki farzandi bilan Givat Xamatosga 20 yil oldin ko’chib kelgan. Hozir oilada 9 farzand. Uy esa kichkina.

“XXI-asrga loyiq uymi shu, o’zingiz bir qarang. Shinamgina, to’g’ri. Lekin uy emas, konserva bankasining o’zginasi”, - deydi u.

Isroil G’arbiy Sohilning bu qismini 1967-yilda o’zlashtirib, Quddusga qo’shib olgan. Arablar yashovchi sharqiy hududlarni ham o’ziniki qilib olmoqchi, deydi muzokaradan xafsalasi pir bo’lgan falastinliklar.

Xaritalar bo’yicha mutaxassis Halil Tufakji Falastin-Isroil o’rtasidagi tinchlik muzokaralarida qatnashgan.

Isroilning maqsadi, deydi u, hududda falastinliklar sonini kamaytirish. “Ayni vaqtda yahudiylar uchun uylar sonini ikki barobarga ko’paytirish. Hozir bu yerda 2,610 ta uy bor. To’rt mingga yetkazishni rejalagan,” - deydi falastinlik mutaxassis.

Isroil nazarida bu yerlar Quddusning ajralmas qismi. Lekin xalqaro hamjamiyat G’arbiy Sohildagi barcha qurilish ishlari, binolaru-inshootlarni noqonuniy deb hisoblaydi.

Givat Xamatosdagi bolalar. Bu yerda asosan kelib chiqishi efiopiyalik va rossiyaliklar yashaydi

Givat Xamatosdagi bolalar. Bu yerda asosan kelib chiqishi efiopiyalik va rossiyaliklar yashaydi

Mojaro qachon va qanday hal bo’lishini hech kim bilmaydi. Ikki oy ilgari Falastin ma’muriyati ilojsizlikdan BMTga murojaat qilgan edi. A’zolik masalasi boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

Aynan shu paytda Yaqin Sharqdagi eng faol vositachi davlat - Qoshma Shtatlar mintaqa bo’yicha elchisini o’zgartirmoqda. Tajribali diplomat Dennis Ross kelasi oy lavozimidan ketishini e’lon qildi.

Prezident Barak Obamaning Yaqin Sharq bo’yicha maslahatchisi Katta Jorj Bush va Bill Klinton ma’muriyatida ham ishlagan. “Arab bahori”ga nisbatan AQSh pozitsiyasini belgilashda yordam bergan. Eronga qarshi sanksiyalar muallifi sanaladi.

Oq uy Dennis Rossning ishdan ketish qarori ixtiyoriy ekanini tasdiqladi. Uning o’rniga kim tayinlanishi hozircha noma’lum.

Falastin masalasi BMTda, Isroil bu orada qurilishni tezlashtiradi
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG