G'azo ahli: Isroil qatliomni to'xtatsin, urushdan to'ydik

  • Amerika Ovozi

G'azo sektori, 25-iyul, 2014

G'azo sektori, 25-iyul, 2014

Isroil va HAMAS orasidagi 12 soatlik sulh tugadi. Isroil uni yana 24 soatga uzaytirgan.

Bomba hujumlaridan to’ygan aholi tanaffusdan foydalanib, bozor va banklarga bordi. Tirikchilik qilish kerak. Vayrona ko'chalar sal jonlangandek bo'ldi.

“Qaniydi bu tinchlik uzoqqa cho’zilsa”,- deydi G’azo sektoridan Muhammad Abu Shaban.

“Sulhni cho’zishsin, qatliomni to’xtatishsin, insholloh, vaziyat yaxshilanadi”,- deya niyat qiladi u.

Kechagi hujumlarda o’nlab insonlarning yostig’i qurigan.

"Uyimizning oldida katta portlash yuz berdi. Fuqaro avtomobili. Ichida bitta odam bo’lgan. Butkul kuyib ketgan jasad”,- deya tasvirlaydi o’zini Hami al-Jalis deb tanishtirgan g’azolik.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri kecha kuni bilan Isroilni havo hujumlarini to’xtatishga ko’ndirishga urindi. Isroil vazirlar mahkamasi uning taklifini rad etdi.

Kerri harakatlarni to’xtatmoqchi emas. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan muloqot davom etmoqda.

Uch haftadirki, yahudiy davlat G’azoda harbiy harakatlar olib bormoqda. Maqsad HAMASni yo’q qilish, deydi rasmiylar, lekin hujumlarda shu kungacha 1000 dan oshiq falastinlik halok bo’ldi. Aksariyati oddiy fuqarolar, jumladan norasida bolalar. Isroil 32 askarini yo’qotgan, shuningdek, ikki fuqaro o’lgan.

HAMAS Isroilni yo’q qilishga bel bo’glaganini, Isroil esa o’zini himoya qilishga haqqi borligini eslatib turibdi.

G’azo sektori bir tomondan Isroil, ikkinchi tomondan esa Misr qamalida. Iqtisodiy vaziyat juda og’ir. Tirikchilik qilish uchun imkoniyat deyarli yo’q, deydi arablar. Buning ustiga aholi bomba ostida kun kechirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG