Isroil piyoda kuchlari G'azoda hujumlarni davom ettirmoqda

  • Amerika Ovozi

8-iyulda boshlangan operatsiyada hozirgacha 300 dan oshiq falastinlik o’lgan. Uch kundirki, Isroil kuchlari G'azo sektorida yuzlab manzillarni o'qqa tutmoqda.

Isroil uch kundirki G’azo sektoriga piyoda kuchlarini safarbar etib, HAMAS ishlatadigan yerosti yo’llarini o’qqa tutmoqda. 200 ga yaqin obyekt nishonda, deydi harbiylar. 20 dan ortiq tunnellar haqida gap ketmoqda. Ular orqali HAMAS qurol oladi, jumladan Isroildan aslaha o’g’irlab olib kelinadi, deya qayd etadi yahudiy davlat mutasaddilari.

HAMAS ham Isroilga raketa otishni davom ettirmoqda lekin “temir gumbaz” bu davlatni himoya qilib, hozirgacha biror odam o’lmagan.

G’azo sektori esa o’t ichida. Yuzlab arablarning yostig’i qurigan. Bolalar, ayollar, keksalar, HAMASga aloqasi yo’q fuqarolar.

Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur “Isroil xalqimga qarshi jinoyatlarni amalga oshirmoqda, dunyo esa pinagini buzmaydi”, deydi. U va arab davlatlari diplomatlari BMT Xavfsizlik Kengashidan yahudiy davlatiga qarshi chora ko’rishni talab qilmoqda. HAMASni bahona qilib, deydi ular, Isroil arablarni qirmoqda.

Isroil elchisi Ron Prosor esa Falastin rahbariyati qo’lidan kelsa HAMASni to’xtatsin deydi. Bu guruh o’z xalqini o’ylaganida o’t bilan o’ynashmasligi kerak, deydi u. BMT vositachilik qilib, Isroil va HAMAS orasida sulhga erishish harakatida. Kelasi hafta mintaqaga qator safarlar kutilmoqda. Amerika ham yordam berishga tayyor va diplomatik muloqot avjida, deya bildiradi Oq uy.

Prezident Barak Obama Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan gaplashib, undan begunoh fuqarolar hayotini himoya qilishni, terrorchilarga qarshi kurashaman deb G’azo ahlini yoppasiga o’qqa tutmaslikka chaqirgan.

Isroil javobi shuki, G’azo sektori aholisi hujumlar haqida ogohlantirilgan va xavfli joylarni tark etishi kerak.

BMT Inson huquqlari kengashi nazarida bu hujumlarda Isroil xalqaro qonunlarni buzayotgan bo’lishi mumkin va qilmishi uchun javobgarlikka tutilishi zarur.

8-iyulda boshlangan operatsiyada hozirgacha 300 dan oshiq falastinlik o’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG