Falastin o’z davlatiga ega bo’lishning muqobil yo’llarini izlamoqda

  • Amerika Ovozi

Tahlilchilar fikricha, Isroilning amaldagi rahbariyati bilan biror o’zgarishga erishi qiyin

Tahlilchilar fikricha, Isroilning amaldagi rahbariyati bilan biror o’zgarishga erishi qiyin

Isroil bilan muloqot to’xtab qolgan ekan, Falastin rahbariyati o’z davlatiga ega bo’lish yo’lida muqobil yo’llarni izlamoqda. Bu xalq “Bizni mustaqil yurt sifatida tan oling”, deya dunyo ahliga murojaat qilmoqda.

Iordan daryosining g’arbiy sohilidagi shahar Ramalloh poytaxt desa arzigulik. Vazirliklar, prezident qarorgohi, chet el tashkilotlari bor bu yerda.

Kanada, Xitoy va Braziliya rasmiy idoralari xizmat ko’rsatmoqda shaharda.

Falastin va Isroil sentabr boshida oxirgi bor yuzma-yuz gaplashgan edi. Biroq Isroil Iordan daryosining g’arbiy sohilida yahudiy posyolkalarini qurish qaroridan qaytmagach, Falastin aloqani uzgan.

Qurilish ishlari bas qilinsin, aks holda tinchlik muzokaralari haqida gap bo’lishi mumkin emas, deydi Falastin rasmiylari.

Qo’shma Shtatlar, o’rtadagi muzokarachi va Isroilning yirik hamkori, yahudiy davlatini bosib olingan yerlarda qurilishni to’xtatishga ko’ndira olmayapti.

Hafsalasi pir bo’lgan Falastin dunyo davlatlarini uni mustaqil yurt sifatida tan olishga da’vat etmoqda. Isroilga bosim o’tkazishning eng ma’qul yo’li shu, deydi Falastin vakili Nabul Shaat.

Braziliya, Argentina va Boliviya oy boshida Falastinni davlat deya tan oldi.

“Bu bilan Yaqin Sharqda tinchlikka erishish uchun hissa qo’shdik”, - deydi Braziliya diplomati Ligia Maria Sherer.

Falastin rahbariyati Birlashgan Millatlar Tashkiloti e’tirofini qozonish niyatida.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu murosaga tayyorligini aytmoqda, biroq Falastin talablariga bo’yin egmoqchi emas. Iordan daryosining g’arbiy sohili va Sharqiy Quddusni Falastinga topshirish haqida gap bo’lishi mumkin emas, deydi Netanyaxu.

Tahlilchilar fikricha, Isroilning amaldagi rahbariyati bilan biror o’zgarishga erishi qiyin.

Falastinni davlat sifatida tan olish esa hozircha ramziy ma’no kasb etadi xolos, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG