Isroil-Falastin ixtilofini to'xtatishda barcha umid diplomatiyadan

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan muloqotda, Quddus, 20-noyabr, 2012-yil.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan muloqotda, Quddus, 20-noyabr, 2012-yil.

Isroil-XAMAS ixtilofini bartaraf etish uchun ishga solinayotgan diplomatik harakatlarga qaramay tomonlar bugun yana o’q almashgan. Natijada G’azo Sektorida 140 dan ziyod falastinlik, jumladan 34 bola, Isroilda esa besh odam o’lgan.

Bugun Isroil sobiq poytaxti Tel-Avivda avtobusda bomba portlab, kamida 20 odam yaralangan. XAMAS xurujni o’z bo’yniga olgan. Isroil va Qo’shma Shtatlar uni qoralamoqda.

Falastinning Ramalloh shahrida esa bugun BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bo’lib, muxtoriyat prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashgan.

Falastinda hokimiyat ikkiga bo’lingan. G’azo XAMAS qo’lida, G’arbiy Sohilni esa Abbos boshchiligidagi FATX nazorat qiladi. Abbosning so’zi XAMASga o’tmasa-da, BMT rahbari tomonlar kelishib olishiga umid qilmoqda.

Pan Gi Munning aytishicha, zo’ravonliklarga batamom barham berish uchun Falastin mustaqil davlati yaratilishi va qo’shni Isroil bilan tinchlikda yashash majburiyatini olishi lozim.

Abbos AQSh, BMT va Iordaniya rasmiylari bilan muloqotda ekanini aytgan.
Bugun AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ham Ramallohda bo’lib, so’ng Isroil rasmiylari bilan muloqotni davom ettirish uchun Quddusga qaytgan.

Klinton ayni damda Qohirada, prezident Muhammad Mursiy bilan ko’rishmoqda. Misr asosiy vositachilardan hisoblanadi. Barcha harakatlar har ikki tomon hujumlarini to’xtatish va shu bilan birga Isroilning G’azoga qo’shin kiritishining oldini olishga qaratilgan.

Klintonning Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan shu haftadagi takroriy uchrashuvi chog’ida aytishicha, Qo’shma Shtatlar mintaqadagi barcha hamkor davlatlar bilan muloqot qilib, Isroil xavfsizligini kuchaytirishga, G’azo ahlining yashash sharoitini yaxshilashga, mintaqadagi barcha uchun tinch hayot ta’minlashga qaratilgan yechim xususida gaplashmoqda.

Netanyaxu diplomatiyaga tayyormiz, ammo Isroilga qarshi hujumlar davom etsa, fuqarolarimizni himoya qilishga majbur bo’lamiz, dedi.

Klintonning aytishicha, Isroil xavfsizligi AQSh uchun birinchi darajali masala.

"XAMAS raketa hujumlarini bas qilishi lozim", - deydi u.

Misr vositachiligida kechadan boshlab tomonlar barcha harbiy harakatlarni to’xtatishi, Isroil bunga qo’shimcha ravishda sektor qamalini bir oz yengillashtirishi lozim edi. XAMAS qamalni umuman bekor qilishga chaqirgan. Ayrim manbalarga ko’ra, Isroil XAMAS va Islomiy Jihoddan harbiy harakatlardan o’zini 90 kun tiyishni so’rab, shundan so’ng falastinliklar talabini ko’rib chiqishini aytgan, ammo arablar bunga rozi emas.

XAMAS Isroildan G’azoning Misr bilan chegarasi nazoratini unga topshirishni, rahbarlariga qarshi hujumlarni to’xtatishni talab qilmoqda. Isroil Rafah chegarasi ostidagi tunellar orqali sektorga qurol-yarog’ olib o’tiladi, degan xavotirda chegarani o’zi nazorat qilayotganini aytadi.

Diplomatik harakatlar ish bermasa, Netanyaxu G’azoga qo’shin kiritishini aytib, do’q-po’pisa qilgan. Ammo ayrim kuzatuvchilar nazarida yanvarga belgilangan parlament saylovlarida g’alaba qozonishi bashorat qilinayotgan bosh vazirga bu ish qimmatga tushishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG