Parijda Isroil-Falastin anjumani, Isroil va Falastin qatnashmayapti

  • Amerika Ovozi

Amerika bosh diplomati Jon Kerri Yevropa va arab dunyosi diplomatlari bilan Parijda ko'rishayapti. Maqsad Falastin-Isroil muzokaralarini jonlantirish uchun sharoit yaratish.

Fransiya shafeligida o'tayotgan muzokaralarga diplomatlar juma tongda yetib kela boshladi. Isroil bu sa'y-harakatlar samarasiga ishonmasligini aytmoqda.

Fransiya rahbari Fransua Olland anjumanni ochib berar ekan, Falastin va Isroilni tinchlik yo'lida jasorat ko'rsatishga da'vat etdi.

Tashabbusdan maqsadimiz bir, dedi Olland, Yaqin Sharqda nihoyat tinchlik qaror topsin. "Buning zaruratini hammamiz birday tushunamiz. Mintaqa uchun muhim bo'lgan bu imkoniyatga jiddiy, qat'iyatli yondashaylik", - deydi Fransiya rahbari.

Ollandning aytishicha, tinchlik muzokaralari uchun sharoit yaratishda xalqaro hamjamiyat hal qiluvchi rol o'ynashi lozim. Lekin ziddiyatlarni ortda qoldirib, tinchlikka ko'nish avvalo Falastin va Isroilga qolgan masala, deydi u. Xo'sh, Quddus ahli bu haqda qanday fikrda?

Qudduslik Yeramiel Munits bundan biror natija chiqishiga ko'zi yetmasligini aytadi.

Shu yerlik Yehuda nazarida ham har ikki taraf juda qaysar va bir-biriga yon berishi gumon.

Vashington Fransiyaning tashabbusini bosiqlik bilan qarshi oldi. Amerika Davlat kotibi Jon Kerri Parijdagi anjumanda qatnashib, ishtirokchilar takliflarini eshitishga rozi bo'ldi. Shu bilan birga, Qo'shma Shtatlar Falastin va Isroil davlati yonma-yon yashashi tarafdorimiz, deb keladi.

Parijdagi majlisga Isroil va Falastin delegatlari taklif qilinmadi. Biroq hafta boshida Isroilda yangi mudofaa vaziri, ultramillatchi arbob Avidgor Liberman qasamyod keltirar ekan, Falastin davlati istiqbolini ko'rib chiqishga roziman, degan. Bu esa murosa ehtimolidan nishona.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG