Breaking News

Isroil-Falastin tinchlik muloqotidan nima kutsa bo'ladi?


Isroil-Falastin tinchlik kelishuvi yo’lida g’ov bo’lib turgan omillar ko’p va murakkab. Yaqinda boshlangan muzokaralarning yangi davrasidan nima kutsa bo’ladi?
Isroil-Falastin tinchlik muloqotidan nima kutsa bo'ladi?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:03 0:00
Yuklab oling

Isroil Iordan daryosining G’arbiy sohili va G’azo sektorini bosib olganiga ham 46 yil bo’ldi. Istilo qilingan yerlarda o’shanda bir milliondan oshiq falastinlik yashagan bo’lsa, bugun ular soni qariyb 4 millionga yaqinlashdi.

Chegarada otishma, repressiya, qurilish va xalqaro tanqidlar arab-Isroil ixtilofining ifodasiga aylangan. Tomonlarni navbatdagi muzokaraga chorlar ekan, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bu azaliy muammoga nuqta qo’yish fursati yetdi, deydi.

“Falastin va Isroil rahbarlari, ularning vakillari va vositachi davlatlar bir yechim topilishiga ishongani uchun ham jarayonni qayta boshladik”, - deydi u.

Xo’sh, bu ishonch qayerdan paydo bo’ldi? Yoki orada qandaydir pinhona kelishuv tuzilayaptimi? Tomonlarni yon berishga nima majbur qilishi mumkin? Tel Aviv universitetidan Eyal Zisser shubha bilan qarayotganlardan biri.

“Regionga borib, oddiy bir isroillik va falastinlikdan so’rasangiz, bizga tinchlik kerak deb aytishadi. Lekin bu maqsadga yetish uchun ular shaxsan hissa qo’shishga, jonini berishga tayyormi? Afsuski, yo’q. Odamlar olov ichida yashashga o’rganib ketgan. Hech kim hech qayoqqa shoshilmayapti, astoydil kurashmayapti”, - deya aholi kayfiyatini tushuntiradi olim.

G’arbiy sohildagi Birzeit universiteti professori Samir Avadning aytishicha, Falastin ahli orasida Isroilning yirik mahallalari ham oldingidek nozorilik uyg’otmayapti.

“Chunki asosiy maqsad okkupatsiyaga chek qo’yish bo’lib qoldi. Kelushuvga qo’l qo’yilsa, Falastin butun kuchini o’z xalqi farovonligini yaxshilashga qaratadi, bunga imkon paydo bo’ladi”, - deydi Avad.

Mo’tadil ruhdagi bunday qarashlarga hamma ham qo’shilmaydi. Masalan, Xamas jangari guruhi va uning tarafdorlari yahudiy davlatini tan olmay keladi. Xamas nazoratidagi G’azo sektorida falastinliklarning 40 foizi istiqomat qiladi, G’arbiy sohilda va qochqinlar orasida unga ergashadiganlar ko’p.

Professor Avad keskin qarashlardan yiroq bo’lsa-da, shuni qayd etadiki, agar Isroil falastinlik qochqinlarga qaytishga ruxsat bermasa va Quddusni bo’lishmasa, kelishuv bo’lishini kutmang.

“Quddusni Isroilga qo’shib olib, Falastin bilan til topishaman deb o’ylashayotgan bo’lsa, bu bir xomxayol”.

Shunga qaramasdan, olim umidni boy bermayapti. AQShning vositachilik roli o’ta muhim, biroq ko’pincha Isroilga yon bosishi ham hech kimga sir emas. Agar Vashington muvozanat bilan ish tuta olsa, muzokara samara berishi mumkin, deydi Avad.

“Amerikaga ko’p narsa bog’liq. Agar haqiqatan kelishuv bo’lsin deyishsa, buni amalga oshirish ularning qo’lidan keladi”, - deydi suhbatdosh.

Tel Avivdan tahlilchi Eyal Zisser deydiki, AQSh bosh diplomati Jon Kerri kabi o’z missiyasiga sodiq insonlar havodek zarur. U muzokaralarga boshchilik qilayotgani katta gap.

Isroil va Falastin vakillari shu hafta Quddusda besh soat o’tirib gaplashdi. Kelasi hafta Falastinda yana uchrashuvlar belgilangan. Parda ortida nimalar bo’layotgani barchaga qorong’u, yakuniy bir qarorga kelinmaguncha ommaviy axborot vositalariga ma’lumot berilmaydi.

Natija qanday bo’lmasin, rahbarlar keyinchalik baribir o’z xalqi oldida hisobot berishi, qarorlarini tushuntirishi lozim bo’ladi. Bu esa ham Isroil, ham Falastin ahli orasida keskin bahs-munozara uyg’otishi turgan gap.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG