Quddusda falastinliklarning uylari buzilayapti

  • Amerika Ovozi

Abdul Rahmon al-Shaludiyning yaqinlari

Abdul Rahmon al-Shaludiyning yaqinlari

Isroil xavfsizlik kuchlari o'tgan oy ikki odamni o'ldirgan falastinlikning Sharqiy Quddusdagi uyini buzib tashlagan.

Uyning egasi Abdul Rahmon al-Shaludiy oktabrda mashinasida yo'lovchilarni bosib ketib, ikki kishini o'ldirgan, o'zi esa politsiya tomonidan otib o'ldirilgan edi. Al-Shaludiyning uyi musulmonlar va yahudiylar uchun muqaddas sanalgan majmuadan sal narida joylashgan.

Hududdagi masjid ustida mana bir necha oydirki yahudiy va musulmonlar tortishib keladi va ixtilof tobora qonli tus olayapti.

Sal avval Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Quddusdagi sinagogada seshanba kuni boshqa bir hujumni sodir etgan ikki falastinlikning uyini buzishni buyurgan edi. Yahudiylarning ibodatxonasiga bostirib kirgan ikki falastinlik odamlarni pichoqlay ketgan, ba'zilarni otgan. Besh yahudiy nobud bo'lgani ma'lum. Politsiya hujumchilarni otib o'ldirgan.

Netanyaxu bu kabi hamlalarga aloqador barcha shaxslar uyidan mahrum bo'lishini aytmoqda.

Falastinliklarning g'azabi al-Aqso masjidi ustidagi bahslar bilan bog'liq. Yahudiylar muqaddas bu manzilda ibodat qilish uchun kengroq imkoniyat talab qilayapti. Falastinliklar esa buni masjidni qo'ldan boy berish bilan qiyoslaydi.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti Netanyaxuning qarorini tanqid qilib, hujumchilar uchun oilalarini jazolash va boshpanasiz qoldirish adolatdan emas, deydi. Huquq tashkiloti ibodatxonaga bostirgan odamlarning qilmishini ham qoralamoqda.

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos hujumni tanqid qilib chiqdi. Lekin HAMAS nazarida Isroil Falastin yerlarini bosib olgani uchun munosib jazo olayapti.

Amerika rahbari Barak Obamaning aytishicha, gunohsiz insonlarni o'ldirishni oqlab bo'lmaydi. Ham Falastin, ham Isroil zo'ravonlikdan voz kechib tinchlik yo'lida birgalashib harakat qilishi kerak, deydi AQSh prezidenti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG