HAMAS, Isroil o’rtasida sulh yana buzildi

  • Amerika Ovozi

Isroil tanklari G'azoda.

Isroil tanklari G'azoda.

Isroil va HAMAS o’rtasida e’lon qilingan uch kunlik sulh kuchga kirganidan bir necha soat o’tar o’tmay buzilgan va taraflar yana o’q almashayapti. Avvaliga Isroil tanklari G’azoni o’qqa tutgani, ketidan Falastindan jangarilar raketalar otgani ma’lum.

Xususan, Rafah shahrida sulhdan ikki soat o’tib qattiq janglar boshlanib, kamida 30 falastinlik jon bergan. HAMAS esa Isroilning Kerem Shalom shahriga raketalar yog’dirgan.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu idorasi G’azodagi jangarilarni sulhni buzganlikda ayblaydi. O’q uzishlar to’xtab, odamlar G’azo ko’chalariga qaytgan bir paytda, deyiladi Netanyaxu bayonotida, jangarilar Isroil askarlarini nishonga olib besh nafarini o’ldirgan.

Bir necha haftadan beri tinmayotgan janglarda Isroilning 61 askari o’ldi. G’azoda talofatlar soni 1400 kishidan oshgan.

Qohirada bugun boshlanishi kutilayotgan muzokaralarda mojaroga yechim izlaydi. Unda AQSh tomoni ham qatnashadi.

“Amerika Ovozi” muxbiri Skott Bobbning G’azodan yoritishicha, HAMAS ham, Isroil ham qurolini tashlashga shoshmayapti.

“HAMASning talabi shuki, G’azoni bo’g’ayotgan Isroil blokadasi butunlay olib tashlanishi kerak. Shundagina sulhga rozi Falastin tomoni. Biroq Isroil hukumati G’azoda jangarilar qurolini tashlasin, jangovar siyosatdan yuz o’girsin, shunda blokada ham olib tashlanishi mumkin, deydi. Biror taraf sulhga amal qiladigan emas”, - deya xabar beradi “Amerika Ovozi” muxbiri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG