Yevropa sudi: HAMAS terror guruhi emas

  • Amerika Ovozi

Falastinning HAMAS harakati tarafdorlari

Falastinning HAMAS harakati tarafdorlari

Yevropa Sudi Yevropa Ittifoqiga Falastinning HAMAS harakatini terrorchi tashkilotlar ro'yxatidan olib tashlashni buyurdi. Sud qarorida aytilishicha, Yevropa Ittifoqi HAMASni matbuot va internetdan olingan ma'lumotlar asosida ro'yxatga kiritib noto'g'ri ish qilgan.

Ittifoq 2011-yida HAMASdan tashqari yana 12 guruh va 29 shaxsni terrorchi deb e'lon qilgan edi.

Sud qarori uch oy ichida qayta ko'rib chiqilishi mumkin. Ungacha HAMASning muzlatilgan hisob raqamlari va mulki egalariga qaytarilmay turadi.

HAMAS rahbarining o'rinbosari Musa Abu Marzuk qarorni olqishlagan.

"Bu Yevropa Ittifoqining tarixiy xatosini tuzatishga qaratilgan qadam. HAMAS ozodlik harakati uchun kurashmoqda. Biz xalqaro qonunlarga muvofiq istiloga qarshi kurashishga to'liq haqlimiz", - dedi u.

Bugun Falastin diplomatlari Isroildan bosib olingan yerlarni ikki yil ichida bo'shatishni talab qiluvchi rezolyutsiya loyihasini BMT Xavfsizlik Kengashiga taqdim etmoqchi. Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansurga ko'ra, hujjat bo'yicha kengash a'zolari ertaga ovoz beradi. Isroilning eng yaqin ittifoqchisi Qo'shma Shtatlar veto qo'yishini bildirmoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri dushanba kuni Rimda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan mavzuni muhokama qilgan. Kecha esa Kerri Londonda Falastin muzokarachisi Soib Erekat bilan gaplashgan.

"Isroil-Falastin mojarosining murakkab tomonlarini yaxshi tushunamiz. Har ikki tomonda norozilik kuchli. Vaziyat izdan chiqib, chuqurlashish ehtimoli mavjud", - deydi Kerri.

Kerri Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiy bilan ham muloqot qilgan.

Fransiya, Britaniya va Germaniya kengashga o'z rezolyutsiya loyihasini taklif etmoqda. Unda tinchlik muzokaralarini jonlantirish uchun aniq muhlat belgilangan.

Hujjat qabul qilinishi uchun kengashga a'zo 15 mamlakatdan to'qqiztasi uni ma'qullashi lozim. Ammo besh doimiy a'zodan biri unga veto qo'yishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG