BMT sammiti oldidan Falastin yuzasidan bahslar

  • Amerika Ovozi

Shu paytgacha 120 davlat Falastinni tan olib bo’lgan

Shu paytgacha 120 davlat Falastinni tan olib bo’lgan

Falastin prezidenti Mahmud Abbos kelasi hafta BMT Bosh Assambleyasi majlisida davlatchilik masalasini muhokamaga olib chiqadi. G’arb diplomatlari Abbosni to’xtatishga urinib, Isroil bilan muzokaraga qaytishga undamoqda.

Falastin muxtoriyati Tashqi ishlar vaziri Riyad al-Malikiyning aytishicha, yangi davlat taqdiri 23-sentabr kuni Nyu-Yorkda ko’riladi.

Maqsad – Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo’lish. A’zolik esa avtomatik ravishda suveren davlat maqomini beradi. Hozirda Falastin BMTda kuzatuvchi, xolos.

Riyad al-Malikiyning aytishicha, davlatchilik strategiyasi bitilgan hujjat BMT Bosh kotibi Pan Gi Munga topshiriladi. Bosh kotib esa masalani Xavfsizlik Kengashi va so’ng Bosh Assambleyaga uzatadi.

Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zolaridan biri Amerika bu tashabbusga qarshi va veto qo’yishga tayyor.

“Falastin taqdirini Nyu-Yorkda emas, Ramalloh va Quddusda hal etish kerak”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nuland.

Falastin davlatchiligi masalasi Xavfsizlik Kengashidan o’tmasa, keyin 193 mamlakatni o’z ichiga olgan Bosh Assambleya yig’inida ko’tariladi.

Assambleyada ko’pchilik Falastinga xayrixoh ekani ma’lum, biroq mamlakat maqomini olish uchun BMTning har ikki organi fotihasini olish talab qilinadi.

Holbuki, Amerika veto huquqini ishga solsa, arab dunyosi bilan aloqalar yanada chigallashishi mumkin. Musulmon ahli bilan rishtalarni mustahkamlashga bel bog’lagan prezident Barak Obama o’tgan yili BMT Bosh Assambleyasi sammitida so’zlab, Falastin mustaqil davlatga aylanishi kerak degan edi.

“Isroilni do’st ko’rgan davlatlar bilsinki, yahudiy yurti tinch-totuv yashashni istasa, Falastin mamlakati barpo etilishi lozim. Falastin xalqi o’z vatanida emin-erkin, izzat-hurmatda yashashga haqli”, - degan edi Obama.

Lekin Isroil talash hududda, Falastin bo’lajak vatani deb mo’ljallagan yerlarda yahudiy posyolkalari qurishda davom etmoqda. Tinchlik muzokaralari to’xtab qolgan.

Siyosiy tahlilchi Abdulla Alsaidiyning aytishicha, Falastin bilganidan qolmaydi.

“Chunki Isroil bilan muzokara baribir boshi berk ko’chaga kirib qolgan. BMTga murojaat qilma, tinchlikni buzasan degan da’vatlar arablarni ko’ndirishi qiyin, zero tinchlikning o’zi yo’q. Demak, Mahmud Abbos ma’muriyatining BMTga borib, arz qilishdan boshqa iloji yo’q”, - deydi olim.

Isroil va Amerika, azaliy ittifoqchilar, Falastinning xatti-harakatlari ayanchli oqibatlarga yetaklashi mumkin deb ogohlantirmoqda. Yahudiy davlati xavotiri shuki, Falastin mamlakat deb tan olinsa, ikki xalq o’rtasida ziddiyat yanada kuchayadi, Isroil mintaqada yanada yakkalanib qoladi, Isroil davlat emas, degan kayfiyat kuchayadi.

Hozirning o’zida regionda vositachi Turkiya arab xalqini yoqlab, Falastin mamlakat maqomiga munosib, demoqda.

“Biz Falastinga himmat ko’rsatayotganimiz yo’q, burchimiz bu”, - deydi Turkiya Bosh vaziri Rajap Toyib Erdog’an.

Shu paytgacha 120 davlat Falastinni tan olib bo’lgan.

AQSh Kongressining Vakillar Palatasi Tashqi ishlar qo’mitasi nazarida Falastin murosaga bormasa, muxtoriyatga atalgan millionlab dollarni kesish kerak. Oxirgi 15 yilda Amerika Falastinga kamida 4 milliard dollar uzatgan.

Qo’mita a’zosi, demokrat Xovard Berman deydiki:

“Falastin muxtoriyati millionlab dollardan ayrilib, oxir-oqibat kasodga uchrashi aniq. AQSh yordami muhim rol o’ynayotgani sir emas”, - deydi qonunchi.

BMT sammitida Yaqin Sharq va Afrika shimolidagi o’zgarishlar, xalq qo’zg’olonlari keng ko’lamda muhokama qilinishi kutilmoqda.

Tahlilchi Abdulla Alsaidiy nazarida bu mamlakatlar oyoqqa turishi uchun xalqaro hamjamiyat yordami zarur.

“Suriya va Yaman iqtisodiy va siyosiy yordamga muhtoj. Diktaturadan demokratiya sari yurish bir kun yoki bir yillik ish emas”, - deydi tahlilchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG