Isroil va Falastin Quddusda tinchlik muzokaralarini boshlaydi

  • Amerika Ovozi

Falastinlik ona 22 yildan beri Isroilda hibsda saqlanayotgan o'g'lining suratini o'pmoqda. Muzokaralar oldidan ozod etilishi kutilayotgan falastinlik 100 mahbus orasida bu onaning ham og'li bor.

Falastinlik ona 22 yildan beri Isroilda hibsda saqlanayotgan o'g'lining suratini o'pmoqda. Muzokaralar oldidan ozod etilishi kutilayotgan falastinlik 100 mahbus orasida bu onaning ham og'li bor.

AQSh Isroil-Falastin mojarosiga yechim topish yo’lida jon kuydirar ekan, Isroil Falastindagi egallab olingan hududlarda yahudiy posyolkalarini qurishda davom etmoqda.


AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jennifer Psakining aytishicha, keyingi hafta Quddus shahrida Isroil va Falastin rasmiylari o’rtasida navbatdagi ucrashuv bo’lib o’tadi.

“Isroil-Falastin muzokaralari 14-avgust kuni Quddusda boshlanadi. Shundan so’ng keyingi yig’in Arixa shahrida bo’lishi rejalangan”, - deydi AQSh rasmiysi.

Ayni paytda Isroil hukumati Falastin yerida yahudiylar uchun yangi uylarni qurish haqida qaror chiqardi. Psaki so’zlariga ko’ra, AQSh bu qurilishlarni noqonuniy deb hisoblaydi va ularni qonuniylashtirishga qaratilgan harakatlarga qarshi. Isroilning “Tinchlik” inson huquqlari guruhi ham hukumat rejasidan norozi.

“Isroil hukumati harbiy ma’muriyat orqali G’arbiy sohilda 1000 ta yangi uy qurmoqchi ekanini e’lon qildi. Bu narsa, birinchidan, qurilishlarni zudlik bilan to’xtatish zaruratini oshirsa, ikkinchidan, Isroil hukumatining muzokaraga kirishdan ko’zlagan asl maqsadini ko’rsatib beradi”, - deydi “Tinchlik” inson huquqlari tashkiloti so’zlovchisi Lior Amichay.

Ayrim isrollliklar nazarida, egallab olingan hududda yashash Falastin bilan olib boriladigan muzokaralarda Isroilga ustunlik beradi.

“Ular bilan muloqot qiladigan bo’lsak, buni hozirgi turgan joyimizda, shu qurilishlarni qilayotgan yerimizdan turib amalga oshirganimiz ma’qul”, - deydi Falastinda yashovchi Isroil fuqarolaridan biri.

Yahudiy posyolkalari mintaqada davomiy tinchlikka erishish yo’lidagi eng katta to’siq. Chunki ular Falastin davlati chegaralarini aniqlashni qiyinlashtiradi. G’azo sektoridagi ayrim Falastin rasmiylari Isroil bilan muzokaralarni boykot qilmoqchi. Xamas rahbari Ismoil Honiya Isroilning samimiyligiga shubha bilan qaraydi.

“Biz 20 yildan beri davom etayotgan behuda uchrashuvlarni bekor qilishga chaqiramiz. Chunki ular ko’proq odamlarimizning halok bo’lishiga, dushmanlarimizning yanada ko’proq ichkariga kirib kelishiga, Quddusning yahudiylashishiga hamda odamlarimizning hibsga olinishiga xizmat qildi, xolos”, - deydi Xamas yetakchisi.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos esa muloqotning ijobiy natija berishidan hanuz umidvor. Musulmonlarga qarata o’qigan hayit tabrigida u shu haqda gapirdi.

“Hayit muborak bo’lsin. Bu bayram barcha Falastin xalqiga baxt-saodat keltirsin. Umid qilamizki, keyingi hayitni odamlarimiz ozodlik va mustaqillik bilan kutib oladi”, - deydi Abbos.

Falastin hududidagi yahudiy posyolkalari hamda Quddusning rasmiy maqomi Falastin va Isroil o’rtasidagi ko’plab bahsli masalalarning faqat ikkitasi xolos. Bir-birini tan olgan holda tinch hayot kechiradigan ikki mustaqil davlatning vujudga kelishi uchun, avvalo, shu nizolar bartaraf etilishi lozim.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG