BMT Bosh kotibi Isroil va Falastinni murosa yo'liga qaytishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Isroil askari Xamas guruhi qazigani aytilayotgan tunnelni ko'zdan kechirmoqda, 25-iyul, 2014-yil.

Isroil askari Xamas guruhi qazigani aytilayotgan tunnelni ko'zdan kechirmoqda, 25-iyul, 2014-yil.

BMT Bosh kotibi Pan Gi-Mun Isroil va Falastinni o'zaro kelishuvga erishish uchun o'zgarishlarni amalga oshirishga chaqirdi. U mavjud ziddiyat ikki davlatchilik yechimiga qaytish imkoniyatini yo'qqa chiqarayotganidan tashvish bildirgan.

"Nyu-York Tayms" gazetasi saytida e'lon qilingan maqolada BMT rahbari Isroilni G'arbiy Sohildagi bosqin va falastinliklarning uylarini buzib tashlashga qaratilgan ayirmachilik siyosati uchun tanqid qiladi.

"Odamlarni doimiy bosqin ostida ushlab turish Isroil va Falastin kelajagini xavf ostiga qo'yadi", - deydi Pan Gi-Mun.

U, shuningdek, tinch fuqarolarga qarshi har qanday zo'ravonlikni qoralashini, lekin bunday hujumlarni to'xtatish uchun xavfsizlik choralarini kuchaytirishning o'zi kifoya qilmasligini yozgan.

Pan Gi-Mun falastinliklarni G'azodan Isroil ichiga tunnellar qazishni to'xtatishga ham chaqirdi. Bunday yer osti yo'llari orqali Isroilga jangarilar va qurol tashilishi taxmin qilinadi.

Avvalroq Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu agar Xamas tunnellar qazishni to'xtatmasa, 2014-yilgi 50 kunlik urush davrida qo'llangan kuchdan ko'ra kattaroq armiya bilan G'azoga yurish qilishi haqida ogohlantirdi. Ikki yil oldingi urushda aksariyati oddiy fuqaro bo'lgan 2100 falastinlik halok bo'lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG