Breaking News

AQSh Isroil mudofaa vazirini Kerri haqidagi izohi uchun tanqid qildi


Isroil mudofaa vaziri Moshe Yaalon
Isroil mudofaa vaziri Moshe Yaalon
Qo’shma Shtatlar Isroil mudofaa vaziri Moshe Yaalonning mahalliy gazeta sahifasida (Yediot Aharonot) AQSh davlat kotibi Jon Kerriga nisbatan aytgan tanqidiy gaplarini qoralagan.

Yaalonga ko’ra, Kerri taqdim etgan Isroil xavfsizligi rejasi u bitilgan qog’ozga ham arzimaydi. Isroil vaziri Kerrini sodda siyosatchi deb atagan.

"Kerri menga Isroil-Falastin mojarosi haqida ma'lumot bera olmaydi. Men undan yaxshi bilaman. Falastinliklar bilan hech qanday muzokara ketayotgani yo'q. Muzokara biz va Amerika o'rtasida kechyapti. Kerri Tinchlik uchun Nobel mukofotini olgandan so'ng bizni tinch qo'yadi degan umiddaman. Amerikaning Isroil xavfsizligi rejasida na xavfsizlik na tinchlik tilga olingan", - dedi Yaalon.

AQSh Davlat departamenti Isroil vazirining so’zlarini haqoratomuz degan.

"Qo’shma Shtatlar Isroil xavfsizligi uchun qo’ldan kelgancha harakat qilmoqda, Jon Kerri tunu kun bu masalada bosh qotiradi", - deydi uning matbuot kotibi Jennifer Psaki.

Obama ma'muriyati Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxudan Yaalon izohini qoralashni va inkor etishni talab qildi. Shundan so'ng seshanba oqshom Isroil Mudofaa vazirligi bayonot chiqarib, Yaalonda Kerrini haqorat qilish niyati yo'q edi, deya uning nomidan uzr so'ragan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG