Zilzila xavfi Istanbulni qayta qurishga majburlamoqda

  • Amerika Ovozi

Istanbulning tarixiy qismi

Istanbulning tarixiy qismi

Turkiyaning Istanbul shahri kelasi 30 yilda yirik zilzila bilan yuzlashishi mumkin. Bunga 80 foiz ehtimol bor. Hukumat va mahalliy rasmiylar 15 millionlik shaharni vayronadan saqlash maqsadida Istanbulning uchdan bir qismini qayta qurishga kirishdi.

1999-yili Istanbul atrofida kuchli zilzilaro’y berib, 30 ming odamning yostig’ini quritgan. Turkiyada seysmik harakatlarni o’rganuvchi Kandili observatoriyasi direktori Mustafo Erdikning aytishicha, undanda dahshatliroq yer qimirlash ehtimoli bor.

"Xavf darajasi, ayniqsa, Marmara mintaqasida yuqori. Mutaxassislar hisobicha, har yili bunday ehtimol ikki foizga oshmoqda", - deydi u.

O’tgan yili poytaxtga yaqin Van shahrida yer qattiq qimirlab, Anqarani xavotirga solib qo’ydi. 600 dan ortiq odam o’ldi, 60 ming kishi boshpanasiz qoldi. Noqonuniy va pishiq qurilmagan inshootlar eng ko’p zarar ko’rdi.

Ekspertlar Istanbul ham xavf ostida deya ogohlantirmoqda. Shaharning 15 millionlik aholisi borligini hisobga olganda tabiiy ofat Istanbulga ancha qimmatga tushishi aniq. Joriy yilda hukumat shaharni qayta qurishga doir qaror qabul qildi.

Unga ko’ra, davlat komissiyasi qaltis deb hisoblagan uylar o’rniga yangilari quriladi. Uy egalariga esa yangi imoratdan kichikroq kvartira beriladi yoki qo’shimcha pul to’lab, kattaroq uyga ko’chishlari mumkin bo’ladi.

Istanbulning Zaytunburnu tumanida qurilish ishlari avjida. Ko’p qavatli uylar tushadi bu yerga.

Tuman shaharning eng qoloq qismlaridan bo’lib, ikki mingdan ortiq imorat xavf ostida. Bu tumandagi barcha uylarning 12 foizi, deydi shahar hokimining o’rinbosari Zafar Alchak.

Uning aytishicha, eng katta muammo shuki, odamlar ko’p imoratlarni xavfsizlik talablariga rioya qilmay o’zboshimcha qurib olgan.

"Tumanda eski uylar ko’p. Ularning o’rniga yangilari tushsa ham, mahalla qiyofasi o’zgarmaydi", - deydi rasmiy.

Shahar ma’murlari Istanbulda imoratlarning uchdan biri yangidan tushadi, demoqda. Qurilish ishlariga davlat bosh-qosh, ammo ayrimlarni bu tashvishga solmoqda.

Istanbul me’morlar palatasi rahbari Muchal Yapichining aytishicha, zilzila tahdidini hal qilishdan ko’ra, hukumat rejasi muammoga muammo qo’shadi.

"Zilzila ta’sirini yumshatish maqsadida qilinayotgan ish uning tahdidini oshirmoqda. Yangi imoratlar qurilsa, aholi zichligi kuchayadi. Binolar zilzilaga chidamli bo’lgani bilan, ularni ko’tarib turadigan yer qattiq, xavfsiz emas", - deydi ekspert.

Qurilishga mas’ul “Toki” kompaniyasining bosh vazir idorasiga aloqadorligi, loyihani mustaqil ravishda taftish qilish mumkin emasligi hamda uning qurilishni nazorat etishga doir qonundan istisno ekani ham tanqidga sabab holat.

Istanbulda “Toki” shirkati bunyod etayotgan imoratlar katta va shinamgina bo’lib, aksariyati shaharning markaziy qismlarida joylashgan. Demak, deydi kuzatuvchilar, foyda ham yaxshi bo’lishi kerak.

Zaytunburnu mahallasida duv-duv gap. Hamma yangi qurilishlar va zilzila ehtimoli haqida gapirmoqda.

Odamlardan birining aytishicha, shirkat shahar ma’muriyatiga 300 ta kvartira bergan.

"Kimdir bu xonadonlarni pullab, hamyonini to’ldirmoqchi, odamlar esa aldanib qoladi", - deydi u.

Biroq boshqa bir fuqaro loyiha xavfsizlikni o’ylab amalga oshirilmoqda, deydi.

"Oilam va farzandlarim hayoti va kelajagi uchun qilinmoqda bu. Yangi uy kichikroq bo’lsa ham, ko’rinishi va qulayligi jihatdan eskisidan ancha yaxshi bo’ladi", - deydi u.

Shahar rekonstruksiyasi 600 milliard dollar atrofida baholangan. Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, bu Turkiya uchun asr loyihasidir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG