"Kichik Damashq", Istanbuldagi suriyaliklar hayotidan

  • Amerika Ovozi

Shu yilning o’zida 120 ming odam Turkiya sohillarini tark etib, G’arbiy Yevropaga yo’l oldi. Turkiya 2,5 milliondan oshiq suriyalik qochqinga boshpana bergan. Ularning aksariyati lagerlardan tashqarida, kattayu-kichik shaharlarda yashaydi. Istanbulning bir qismiga hatto “Kichik Damashq” deb nom berishgan.

Istanbulning Oqsaroy mahallasi kichik, arzon mehmonxonalar va do’konlar bilan gavjum. Urush va mojarolardan qochib kelganlar odatda shu yerda qo’nim topadi. Afg’onlar, eronliklar, iroqliklar…

Bugun suriyaliklar ham katta jamoa - “Kichik Damashq” deyishgani bejiz emas. Ko’chalarni kezar ekansiz, ziravorlarning o’tkir hidi dimoqqa uradi - Suriya taomlari.

Mandi restorani ochilganiga ikki yildan oshdi. Suriyada ham xuddi shunday biznesimiz bor edi, deya eslaydi Isan Abdi. Urush boshlanganidan keyin yopilib ketgan. Istanbulda hayot yomon emas, deydi u. Abdi do’sti bilan uch restoranni yuritadi. Lekin boshida turk tili bilan ancha qiynaldik, deydi tadbirkor.

“Tilni bilmasak ham biznesga ta’sir qilmaydi deb o’ylagandik. Qiyin bo’ldi. Turkiya hukumati, xalqi bizga yordam berdi. Restoranni ochishda biror muammoga duch kelmadik”, - deydi Abdi.

“Bu yerda Suriyadan tashqari Iroqdan, Afrika va Osiyodan, Tailand va Filippindan odamlar ko’p. Guruchli taomlarning bozori chaqqon. Lekin turklar yangicha ovqatlarga unchalik xayrixoh emas”, - deydi u.

“Kichik Damashq”da faqat restoranlar emas, boshqa bizneslar ham bor.

Abdulqodir Tarxon Suriyadagi fabrikasini Turkiyaga, Gaziantep shahriga ko’chirgan. Ammo biznesni Istanbuldan boshqaradi. Mahsulotini arab davlatlariga eksport qiladi.

“Ko’chmas mulk, turizm bilan shug’ullanayotgan firmalar bor. Suriyaning Halab shahridan kelganlar ko’proq zavod-fabrikalarda ishlaydi. Turkiyada taxminan 10-12 mingta suriyalik kompaniya qonuniy ravishda faoliyat ko’rsatadi”, - deydi Tarxon.

Ammo ko’plab qochqinlar uchun Turkiyada tirikchilik qilish oson emas. Tarxonning idorasidan sal narida yuzlab suriyalik ishsiz. Yevropaga borishni orzu qilish bilan vaqtini o’tkazadi.

“Istanbulda hayot og’ir, ish yo’q. Hamma Germaniya, Bolgariyaga borishni istaydi. Oziq-ovqat, ijara qimmat. Ish topgan odamni bu yerda o’l deb ishlatishadi. O’zim kuniga 12-14 soat ishlayman”, - deydi Mustafo ismli suriyalik.

Ammo Yevropa davlatlari qochqinlarga eshiklarni birin-ketin yopmoqda.

“U yerni jannat deb o’ylashadi, katta yordam kutishadi. Aslida u yerda ham mehnat qilib pul topasiz”, - deydi Isan Abdi.

Turkiyada suriyalik qochqinlar uchun tibbiy sug’urta bepul, ishlashga ruxsat ham bor. Ammo mamlakatning o’zida ishsizlik sur’ati baland ekan, ko’pchilikning istagi qanday qilib bo’lsa ham Yevropaga yetib olish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG