Istanbul xurujida gumonlanayotgan Abu Muhammad Xurosoniy kim?


Istanbuldagi hujumda gumonlanayotgan shaxs O`zbekiston Islomiy Harakatining “Islomiy davlat” guruhiga qo`shilgan sobiq a`zolaridan biri ekani iddao qilinmoqda. Turkiyada 40 ga yaqin odam o'limiga sabab bo'lgan hujumni uyushtirishda O`zbekiston fuqarosi Abduqodir Masharipov gumon qilinmoqda.

Faollar “Abu Muhammad Xurosoniy” taxallusi bilan tanilgan jangarining o`ta radikal toifaga mansubligi, minglab musulmonlarni qirg`in qilish tahdidi bilan chiqqanini eslashmoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o`zbekistonlik diniy faol, internetdagi "Islom va siyosat" sahifasi muallifi Muhammadsolih Abutov tungi klubdagi terrorchilik hujumida gumonlanayotgan Abdulqodir Masharipovni "Islomiy davlat" guruhining "Abu Muhammad Xurosoniy" taxallusi ostidagi faoli sifatida bilishini aytmoqda.

"Bu bola bilan intervyu ham qilgan edim, keyin olib tashladim. ISHIDning tarafdori bo`lgan o`zbeklardan. Uning Afg`onistonda Tohirning guruhida (O`zbekiston Islomiy Harakati) bo`lganini, keyinchalik IShIDga o`tib ketganini bilaman. U doim Turkiyaga kelib-ketib yurgan. U bilan Turkiyada ekanligi vaqtida gaplashganman. Bilishimcha, uning ikki o`g`li Suriyada Turkiya amalga oshirgan harbiy amaliyotlar paytida halok bo`lgan. Bu yerda uning shaxsiy adovati borligi ham inobatga olingan bo`lishi mumkin. U odam o`ta radikal bo`lgan takfirchilar, ya`ni kofirga chiqaruvchilar toifasiga mansub”, - deydi Abutov.

O`zbekiston Islomiy Harakati Afg`onistonda tugatilgandan so`ng uning ayrim vakillari “Islomiy davlat”ga bay'at keltirib, “Xuroson lashkarlari” guruhi tuzilg`nini e`lon qilishgan edi. Keyinchalik Suriyaga o`tib, “Islomiy davlat”ga qo`shilgan “Abu Muhammad Xurosoniy” shu guruhning vakili sifatida ko`rilmoqda.

Abutovga ko'ra, Suriyadagi janglarda qatnashgan “Abu Muhammad Xurosoniy” Turkiyada “Islomiy davlat” guruhiga jangarilar yollash bilan ham shug`ullangan bo`lishi mumkin.

“Men uning asli kimligini bilmayman, lekin o`zbekistonlik, o`ta radikal toifadan ekanligini bilaman. Men undan nega musulmonlarni o`ldirayapsizlar deb so`ragan edim. O`sha paytda IShID Musuldagi bir harbiy maktabni bosib olgan, o`quvchilaridan ba'zilarini otib tashlagan edi. Otganda ham buni ommaviy namoyishga qo`yishgan edi. Uning javobi esa bu hali hech narsa, biz millionlarni o`ldiramiz qabilida bo`ldi. U menga o`zini Abu Muhammad Buxoriy sifatida tanishtirdi, biroq IShIDda biror lavozimda turishini inkor qildi. Bilishimcha, u Turkiyada jangarilar yollash ishlari bilan shug`ullangan”, - deydi Abutov.

Yangi yil oqshomida Istanbuldagi tungi klubga qilingan hujumda 39 kishi otib o`ldirildi, 70 ga yaqin odam turli darajada jarohat oldi. Hujumchi voqea joyini tark etgach, uning kimligi yuzasidan turli ziddiyatli xabarlar paydo bo`ldi. Avvaliga hujumda Qirg`iziston fuqarosi Yahyo Masharipov gumon qilindi, ammo bu gumon rasman tasdiqlanmaganidan so`ng hujumchining mintaqalik uyg`ur, tojik yoki o`zbek ekanligi haqida ma`lumotlar chiqdi. Buning ortidan Istanbuldagi “Turkistonliklar jamiyati” terrorchining millatiga urg`u bermaslikni so`rab rasman bayonot tarqatdi.

Muhammadsolih Abutovning Turkiyadagi o`z manbasiga tayanib aytishicha, gumon qilinayotgan hujumchi mamlakatdan chiqib ketishga ulgurgan.

“Hayratlanarlisi, uning Turkiyadan chiqib ketishga ulgurganidir. Bu voqeadan keyin chegaralar qattiq nazorat qilinishi kerak edi. Demak, Turkiya hukumati nazorat qilolmayapti. Mening ma`lumotlarimga ko`ra, u chiqib ketgan, joyiga yetib borgan, qahramonlarcha kutib ham olingan. 40 odamni o`ldirib, yana joyiga qaytib borsa, butun bir davlat esa uni ushlolmasa, bu juda qiyin narsa. Buning ustiga u yana o`zbek bo`lsa. Albatta, Turkiyadagi o`zbekistonliklar ham uning kasofatiga qoladi. Turli sabablarga ko`ra, O`zbekistonga borolmayotgan muhojirlar qancha, ularga asosan tinchlik kerak. Turkiya maxsus xizmatlari ularni titishni boshlagan”, - deydi u.

Turkiyadagi hujum O`zbekiston fuqarosi tomonidan amalga oshrilgani hozircha rasman tasdiqlanmagan. Bu haqda turk matbuoti huquq-tartibot organlaridagi o`z manbalariga asoslanib yozmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG