Italiya dengizda halokatga uchragan migrantlarni qutqarmoqda

  • Amerika Ovozi

Italiya O'rta Yer dengizida halokatga uchragan kemadagi odamlarni qidirmoqda. Fojia Liviya sohiliga yaqin joyda ro'y bergan. Teploxoddagi odamlardan 700 nafari halok bo'lgani taxmin qilinmoqda. 28 nafari qutqarilgan, 24 migrantning jasadi suvdan chiqarilgan.

Italiya halokatga uchragan boshqa bir teploxoddagi odamlarni ham qutqarish bilan ovora. Turkiyadan Yevropaga yo'l olgan suriyaliklar haqida gap ketmoqda. Teploxodda 98 odam, jumladan 13 bola bo'lgan.

BMTning Qochqinlar bo'yicha agentligi vakili Karlotta Samining aytishicha, migrantlar Yevropada yaxshi hayot topaman deb, manzilga turli yo'llar bilan yetishga harakat qilmoqda.

"Bunday halokatlar paytida qutqarish ishlarini olib borish oson emas, ayniqsa, bir paytning o'zida bir necha voqea sodir bo'lsa", - deydi u.

Bu yili O'rta Yer dengizida Yevropaga noqonuniy ravishda kirmoqchi bo'lgan 1500 odam yo'lda halok bo'lgan. O'tgan yili 90 migrant shu tariqa o'lgan edi, xolos.

Italiya Bosh vaziri Matteo Rensi Yevropa Kengashining favqulodda majlisini chaqirib, qit'a rahbarlarini muammoni birgalikda hal qilishga da'vat etdi.

Italiya rahbari inson savdosiga chek qo'yish lozim, deydi.

"So'nggi fojialarga raqam sifatida qaramaylik. Insonlar nobud bo'ldi. Inson qadriga bo'lgan hurmatimiz barcha uchun teng bo'lishi kerak", - dedi Rensi.

Bugun Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqi tashqi va ichki ishlar vazirlari majlis qilib, Osiyo va Afrikadan migrantlar oqimini to'xtatish xususida fikr almashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG