"Islomiy davlat" qatl etgan jurnalistning oilasi terroristlardan xatlar olgan

  • Amerika Ovozi

Jon va Dayan Foli, jurnalistning ota-onasi, Rochester, Nyu-Xempshir shtati, 20-avgust, 2014

Jon va Dayan Foli, jurnalistning ota-onasi, Rochester, Nyu-Xempshir shtati, 20-avgust, 2014

Bu hafta “Islomiy davlat” guruhi tomonidan qatl etilgan amerikalik jurnalist Jeyms Folining oilasi deydiki, u boshqa asirlarning hayotini asrab qolish uchun o’z jonini fido qilgan bo’lishi mumkin.

Jeyms Folining ukasi Maykl “akam o’zini qurbon qilgan, chunki jihodchilar boshqa bir odamni o’ldirishi mumkin edi”,- deydi.

Terroristlar jurnalist uchun 130 million dollar talab qilgan. Folining oilasi mablag’ to’plashga harakat qilgan va buncha pul topishga muvaffaq bo’lmagan.

Yevropa davlatlari garovga olingan fuqarolari uchun to’lab keladi, ammo AQSh bunday siyosatga qarshi. Terroristlarga bir tiyin ham uzatilmaydi, deydi rasmiylar.

“Islomiy davlat” jurnalistning oilasiga yuborgan elektron maktubida yigitni o’ldirishga shay ekanini aytib, “uning qonini ichish muqaddas burch” deya ta’kidlagan.

Xatni o’qigan oila guruh hamon muzokaraga tayyor bo’lsa kerak, pul evaziga farzandi hayotini asrab qolish mumkin deb o’ylagan.

“Guruhni bu qadar qonxo’r deb tasavvur qilmagan edim”,- deydi Jon Foli, jurnalistning otasi. Uning aytishicha, terroristlar oylar davomida oilaga biror maktub yo’llamagan. Keyin esa to’satdan shunday ogohlantirish kelgan.

AQSh hukumati Jeyms Foli va boshqalarni qutqarish uchun maxsus operatsiya olib borgani va u samara bermaganini esa oila prezident Barak Obamaning o’zidan eshitgan.

Katolik oila Vatikan rahbari Fransisk bilan ham muloqot qilgan. Papa ularga telefon qilib, hamdardlik bildirgan.

Jeyms Foli 40 yoshda edi, dunyo bo’ylab mojarolarni yoritib, ularni tasvirga tushirib tanilgan muxbir edi. 2012-yilda Suriyada bedarak ketgan edi. Keyinchalik uning jihodchilar qo’lida ekani ma’lum bo’lgan.

Internetga qo’yilgan videoda jurnalistning oldida qo’lida pichoq ko’tarib niqobda turgan odam ingliz tilida Britaniyaga xos aksentda gapiradi. Bu shaxsning asli Britaniyadan ekani haqida ma’lumotlar bor. London bu borada tekshiruv olib bormoqda. Mamlakat yoshlarining terrorist to’dalarga qo’shilib ketmasligining oldini olish uchun yangi choralar ko’rish kerak degan chaqiriqlar yangramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG