Jeyms Veb teleskopi - NASAning yangi ixtirosi

  • Amerika Ovozi

Jeyms Veb teleskopi - NASAning yangi ixtirosi

Jeyms Veb teleskopi - NASAning yangi ixtirosi

Insoniyat tinmay izlanib kelayotgan sohalardan biri bu – koinot. Bu haqda qancha ko’p o’rgansak, shuncha ko’p savollar paydo bo’ladi.

Ayni damda NASA, AQSh Fazoviy tadqiqotlar boshqarmasida katta bir loyiha ustida izlanish ketmoqda. Yangi, bahaybat teleskop uch yil ichida bitkazilib fazoga uchiriladi. U Yerga uzatgan ma’lumotlarga tayanib, olimlar koinotning paydo bo’lish tarixiga nazar tashlamoqchi.

NASA laboratoriyalaridan birida muhandislar yangi avlod teleskopi ustida ish olib bormoqda.

2014 yilda koinotga chiqarilishi rejalangan bu uskunaga markazning ikkinchi rahbari Jeyms Veb nomi berilgan. Loyiha rejalanganidek amalga oshsa, deydi olimlar, koinotning milliardlab yillik tarixini ko’rishga muvaffaq bo’lamiz.

Proyekt ustida izlanayotgan olimlardan biri Jonatan Gardner teleskopni tasvirlaydi. Ko’zgusining kattaligi olti yarim metr. Nur qaytaruvchi oynasi tennis maydoni hajmi bilan teng bu moslama eng ashaddiy ob-havoda ham yerga signal uzatishda davom etadi.

“Yorug’lik bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga yetib kelgunga qadar oradan vaqt o’tadi. Bu hammaga ayon. Teleskopda shunday texnologiya o’rnatiladi-ki, uning yordamida biz galaktikaning bizga qorong’u tomonlarini ko’ra olamiz. Agar hammasi risoladagidek bo’lsa, fan va insoniyat uchun bu katta yangilik bo’ladi. Tasavvur qiling, kurrai zaminning ilk kunlari haqida ma’lumotga ega bo’lamiz. O’sha paytdan bugunga qadar bo’lgan o’zgarishlarni solishtirish, taqqoslash uchun imkoniyat bu”, - deydi fazogir olim.

Jeyms Veb teleskopi - NASAning yangi ixtirosi

Jeyms Veb teleskopi - NASAning yangi ixtirosi

Loyiha ustida tinmay mehnat qilayotgan ekspertlar insoniyat uchun hozirgacha jumboq bo’lib kelgan savollarga to’liq javob olish niyatida. Galaktika qanday paydo bo’lgan? Yulduzlarchi?

Koinotning ilk shakli qanday bo’lgan, fanga noma’lum jismlar, mavjudotlar bormi va hokazo. Teleskop uchta o’ta sezgir infraqizil videokamera bilan jihozlangan. Tashqi oynalariga tilla yuritilgan.

“Ko’rib turganingizdek, oynalari 18 ta oltiburchak shaklida yasalgan. Har biri mustaqil harakat qila oladi. Vosita koinotga yetkazilgach, bu maxsus texnologiya yordamida ning harakatlanishini boshqara olamiz. O’zimiz istagan tomonga qaratib burishimiz mumkin bo’ladi”,- deydi u.

Gardnerning aytishicha, bu teleskop xizmatidan butun jahon ilm ahli foydalanishi mumkin. Insoniyatga foyda keltiradigan loyiha bo’lsa bo’lgani.

“Biz dunyo bo’ylab koinot ilmi bilan shug’ullanuvchi olimlardan taklif kiritishni so’raymiz. Istagan mamlakatning istagan universiteti xodimlari yoki tadqiqot markazlari teleskopdan nima maqsadda foydalanmoqchiligini yozib taklif kiritadi. 100 dan ortiq mutaxassislar barcha takliflar bilan tanishib chiqib, eng ma’qulini tasdiqlaydi”,- deydi olim.

Insoniyatni ko’pdan qiziqtirgan savollarga aniq, asosli javob olish maqsadida teleskop ustida izchil izlanishdamiz, deydi koinotchi olim Jonatan Gardner.

2014 yilda kosmosga uchirilishi rejalangan Jeyms Veb teleskopi 10 yil davomida yerga ma’lumot uzatib turadi. Teleskopni harakatga keltiruvchi moslama yonilg’si shuncha muddatga mo’ljallangan. Kerak bo’lganda olimlar uskuna joyini o’zgartirishi ham mumkin. Veb teleskopi yerdan bir yarim million kilometr uzoqlikda qo’ndiriladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG