Terrorizmda ayblangan o'zbekistonlik ishi AQShda tarixiy burilish yasashi mumkin


Jamshid Muxtorov oilasi bilan (suratning qachon olingani noma'lum)

Jamshid Muxtorov oilasi bilan (suratning qachon olingani noma'lum)

2012-yilning 21-yanvarida Chikago aeroportida hibsga olingan o’zbekistonlik Jamshid Muxtorov (Жамшид Мухторов) AQSh hukumatini sudga berib, uni noqonuniy kuzatganlikda va konstitutsiyani buzganlikda ayblamoqda. Shu kungacha hech kim bunday da'vo bilan chiqqan emas. Ikki yildan beri Kolorado shtatining Denver shahridagi qamoqxonada o’tirgan bu shaxs bo’yniga internetda terrorchi guruhlar bilan aloqa qilganlik va ularga moddiy yordam berganlik ayblari qo’yilgan.



Amerika hukumati fuqarolar va chet elliklarning elektron kommunikatsiyasini maxfiy tarzda kuzatishi fosh etilganidan beri ilk bor federal organlar sud oldida bu borada javob berishi kutilmoqda.

Bu siyosatni savolga tutayotgan – O’zbekiston fuqarosi, jizzaxlik 38 yoshli Jamshid Muxtorov. 2007-yilda Amerikaga siyosiy boshpana olib kelgan. Keyinchalik doimiy yashash uchun ruxsat olgan. Katta yuk mashinasi haydab kun ko’rgan. Oilasi bilan Kolorado shtatining Avrora shahrida yashagan. Muxtorovni yaqindan tanigan yurtdoshlari "Amerika Ovozi" bilan gaplashishni istashmadi.

Uni 2011-yilning 8-mart kunidan 2012-yilning 21-yanvarigacha poylagan va tekshirgan federal agentlarning sudga bayon qilishicha, Jamshid Muxtorov “Abu Mo’min Turkistoniy” va “Abu Mo’min” degan nomlar ostida boshqalar bilan hamkorlikda terrorchi tashkilot hisoblanmish Islomiy Jihod Ittifoqiga moddiy ko’mak ko’rsatgan. Bu guruh O’zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan to’da va 2005-yildan beri AQSh qo’ra ro’yxatida turadi.

Jamshid Muxtorov yashagan uy, Denver shahri

Jamshid Muxtorov yashagan uy, Denver shahri

Federal Qidiruv Byurosi Terrorizmga qarshi kurash bo’limining maxsus agenti Donald Xeyl boshchilik qilgan operatsiyada Jamshid Muxtorovning telefoni, kompyuteri va elektron adresi tekshirilgan, keyinchalik uyi tintuv qilingan. Amaliyot boshdan oyoq qonuniy ravishda olib borilgan, Koloradodagi federal sud jarayonga ruxsat bergan, deyiladi rasmiy hujjatlarda. Ularda qayd etilishicha, Muxtorov terrorchilar bilan telefon va internetda gaplashib, ularga terror xurujlariga homiylik qilishga tayyor ekanini, imkon qadar pul yuborishga qurbi yetishi va jihod yo’lida hatto jonini fido qilishga shayligini aytgan. 2011-yilning oxiriga borib, Muxtorovning rafiqasi va bolalari Qirg’izistonga, o’zi esa Turkiyaga yo’l olishga qaror qiladi. 2012-yilning 21-yanvarida esa qo’lga olinadi.

Adliya vazirligining bildirishicha, bu shaxsni javobgarlikka tutish va uning aybini isbotlash uchun dalil yetarli. Aybdor deb topilsa, Jamshid Muxtorov 15 yilga qamalishi va chorak million dollarga yaqin miqdorda jarima to’lashi mumkin.

Endi esa bu ishda katta burilishga guvohmiz. Ayblanuvchining advokatlari va Amerika Fuqaro Erkinliklari Ittifoqi (American Civil Liberties Union), yirik yuridik uyushma nazarida, hukumat bu shaxsni yashirin kuzatish jarayonida konstitutsiyani buzgan. Xususan bosh qomusga kiritilgan 4-o’zgartirish, ya’ni shaxsni asossiz va sud ruxsatisiz tekshirish hamda 3-modda, ya’ni sudlarning vakolatlarini poymol etish yoki pisand qilmaslik.

Huquqshunos Patrik Tumi (Patrick Toomey)

Huquqshunos Patrik Tumi (Patrick Toomey)

Amerika Fuqaro Erkinliklari Ittifoqi vakili, advokat Patrik Tumi (Patrick Toomey) “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bo’ldi:

Savol: Terrorizmga qarshi kurash yo’lida davlat shunday maxfiy ishlar qilishga majbur degan iddaoga qanday javob berasiz?

Tumi: Davlat terrorizmga qarshi kurashayotgan bo’lsa-da, konstututsiyani buza olmaydi. Asosiy talablardan biri biror shaxsni tekshirish, uni kuzatish va uyini tintuv qilishdan oldin suddan alohida ruxsat olasiz. Jamshid Muxtorov ishida mana shunday individual ruxsat olinmagan.

Savol: Sudga topshirilgan hujjatlarda maxfiy kuzatuv ochiq tan olinadi. Balki hukumat bu ishi bilan terrorga qarshi kurashda mana shunday amaliyotlar samara berishini isbotlamoqchidir?

Tumi: Adliya vazirligi shunday deb chiqishi mumkin albatta. Terrorizmga qarshi kurash shunday chora talab qiladi deyilishiga shubham yo’q. Lekin Muxtorov ishi mavjud qonunlar suiiste’mol qilinganini ko’rsatadi. Bu shaxs noqonuniy ravishda yig’ilgan “dalil-isbot” asosida qamoqda o’tiribdi. Muxtorovning adolat talab qilishga haqqi bor, ya’ni hukumat uning huquqlarini buzgan holda yig’ilgan ma’lumotlarga asosan uni sudlay, jazolay olmaydi.

Savol: Sizning tashkilot, Amerika Fuqaro Erkinliklari Ittifoqi, bu ishga nima maqsadda bosh qo’shdi? Jamshid Muxtorov aybsiz ekanini isbotlamoqchimisiz yoki hukumatning maxfiy tekshiruvi noqonuniy ekanini?

Tumi: Har ikkisini… Jamshid Muxtorov asossiz qamoqqa olingan va hukumat bu ishda konstitutsiyani buzgan.

Savol: Amerikada taqvodor musulmonlar juda ko’p. Ular internetda va telefonda ko’p vaqt o’tkazadi. Huquqshunos sifatida aytingchi, ular chegaradan qachon va qay tarzda o’tishi mumkin-ki, u holatda hukumat bu shaxslarni zimdan kuzata boshlaydi?

Vashingtonda maxfiy kuzatuv siyosatiga qarshi namoyishlar, 2013-yil

Vashingtonda maxfiy kuzatuv siyosatiga qarshi namoyishlar, 2013-yil

Tumi: Biz uchun bu juda dolzarb masala. Xavotirimiz va qarshiligimiz shuki, hukumat o’z fuqarolari va chet elliklarni maxfiy tarzda kuzatish borasida cheksiz imkoniyat va qudratga ega. Amerikalikmi, muhojirmi, kim bilan nima haqda gaplashayotganidan qat’i nazar, davlat ularning muloqotlarini tekshira oladi. Kalit so’zlarga qarab, har qanday kommunikatsiyani elakdan o’tkaza oladi. Ularning to’riga tushish uchun dindor bo’lish shart emas. Bunda shaxsning uzviy huquq-erkinliklari buziladi.

Savol: Amerika Fuqaro Erkinliklari Ittifoqi va siz o’z bayonotlaringizda Jamshid Muxtorov ishi tarixiy ahamiyatga ega, Amerikada katta yuridik burilish yasay olishi mumkin deyapsiz. Deylik, Muxtorov va siz yutdingiz, bu nimani o’zgartirishi mumkin, kengroq olib qaralganda?

Amerika Fuqaro Huquqlari Ittifoqi Jamshid Muxtorov tomonida

Amerika Fuqaro Huquqlari Ittifoqi Jamshid Muxtorov tomonida

Tumi: Jamshid Muxtorov yutsa, deylik apellyatsiya sudi, balki Oliy sudgacha yetib borsa va davlatning qilmishi konstitutsiyaga zid deb topilsa, hukumatning maxfiy operatsiyalariga chek qo’yilishi mumkin va shu tariqa hech bir shaxsning, Amerika fuqarosimi yoki yo’q, uzviy huquqlari buzilmasligi uchun zamin yaratadi.
Jamshid Muxtorov O’zbekistondan siyosiy bosim ostida ekanini da’vo qilib chiqib ketgan. Boshpana izlab kelgan yurtida esa terrorizmda ayblanmoqda. Sudlanuvchi murakkab tarjimai hol va o’tmishga ega, deydi advokat Patrik Tumi, biroq uni nishonga olish, maxfiy kuzatish uchun hukumatning qo’lida biror asos bo’lmagan. Adliya vazirligi Jamshid Muxtorov ishidagi so’nggi o’zgarishlar yuzasidan hech narsa demayapti. Masalaning sudda qachon ko’rilishi noma’lum. Fuqaro va chet elliklarni zimdan kuzatish amaliyoti keskin tanqid ostida ekan, Amerikada bu ish ham qizg’in muhokamada.

Jamshid Muxtorovning Denverdagi advokatlari bilan gaplashganimizda ular sudlanuvchi adolat kutayotganini aytdi. Uning oilasi bilan so’zlashishga ham hozircha imkon bo’lmadi.

Himoyachilar - davlat tomonidan tayinlangan advokatlar. Amerika Fuqaro Erkinliklari Ittifoqi esa bepul xizmat ko’rsatadi. Uning maqsadi davlatni javobgarlikka tutish.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG