Abe Yaponiya konstitutsiyasini o'zgartirish harakatini davom ettiradi

  • Amerika Ovozi

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe

Yaponiya parlamenti uchun kechgan saylovlarda amaldagi Bosh vazir Shinzo Abe yetakchiligidagi koalitsion hukumat g'alaba qozondi. Shunga qaramay, bosh vazir mamlakatning tinchlikparvar konstitutsiyasini o'zgartirish rejasi sekinlik bilan amalga oshirilishini ta'kidladi.

"Liberal-demokratik partiya prezidenti sifatida konstitutsiyani qayta ko'rib chiqish mening vazifam. Ammo bu oson bo'lmaydi. Chunki o'zgarishlarni har ikki palatadagi qonunchilarning uchdan ikki qismi yoqlashi kerak. Bundan buyon shu yo'ldan boramiz deb umid qilaman", - dedi Abe.

Koalitsion hukumat nomzodlari jami 121 o'rinning 70 tasini qo'lga kiritdi. Iqtisodiyotning zaifligi, Abening harbiylar qudratini oshirish rejasi saylovda uning g'alaba qozonishiga to'sqinlik qila olmadi.

242 o'rinli yuqori patalaning teng yarmi har uch yilda saylovga qo'yiladi. Bu safargi saylovda Abening Liberal-demokratik partiyasi 56, ittifoqdosh Komeyto partiyasi esa 14 o'rinni qo'lga kiritdi.

Amaldagi koalitsiya allaqachon quyi palatani nazorat qiladi. Yakshanba kungi saylovda yuqori palata hukmronligini qo'lga kiritish konstitutsion islohotlarni amalga oshirish uchun muhim edi.

Bosh vazirning aytishicha, konstitutsiyani o'zgartirish masalasi milliy referendumda xalq ovoziga qo'yiladi.

Abening g'alaba qozonishiga qaramay, Ikkinchi jahon urushidan so'ng qabul qilingan konstitutsiyaning 9-moddasini o'zgartirish masalasida aholi fikri bo'lingan. Bu modda Yaponiyaning xalqaro mojarolar bo'yicha urushga kirishini taqiqlaydi.

O'tgan yili Abe rejasiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo'lib o'tishiga qaramay, parlament armiyaga ko'proq vakolat berish maqsadida 10 ta qonunga o'zgartirish kirituvchi yangi hujjatni qabul qildi.

Abe tarafdorlari fikricha, Xitoy va Shimoliy Koreya kabi tahdidlar qarshisida Yaponiya kuchliroq va mustaqilroq armiyaga ega bo'lishi kerak.

Qarshilarga ko'ra esa, 9-modda bo'yicha harbiylarga qo'yilgan cheklov olib tashlansa, Yaponiya xalqaro mojarolarga aralashib qoladi.

O'tkazilgan so'rovlarda yaponiyaliklarning aksariyati bu masalada ehtiyot bo'lish lozimligini ta'kidlagan.

Asosiy muxolifat - Demokratlar partiyasi hamda Yaponiya Kommunist partiyasi o'tgan saylov kampaniyasida konstitutsiyaning o'zgartiriilishiga qarshiliklarini asosiy masala qilib ko'tarishdi. Abe va uning ittifoqchilari esa iqtisodiyotga e'tibor qaratdi.

Kuzatuvchilarning aytishicha, muxolif partiyalar amaldagi iqtisodiy siyosatga muqobil boshqa yo'l taqdim eta olmagani uchun saylovda mag'lubiyatga uchragan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG