Kamaishi aholisi ko'zida yosh, qalbida cheksiz anduh bilan ertangi kunga ishonch bildirmoqda

  • Amerika Ovozi

Kamaishi, Ivate viloyati, Yaponiya

Kamaishi, Ivate viloyati, Yaponiya

Yaponiya hukumati mamlakatni qayta qurishga so’z bermoqda, aholi ham.

Bir necha kun oldingi tabiiy ofat bu yurtga yuz milliardlab dollar zarar yetkazgan.

Zavod-fabrikalar, yo’llar, temiryo’l va qishloq xo’jaligi vayron, minglab xonadon yer bilan yakson bo’ldi.

Tinch okeani bo’yidagi Kamaishi port shahri bunday ofatlarni ko’p marta boshdan kechirgan.

Portga yaqinlashar ekansiz, katta bir kema qoldiqlarini ko’rasiz. 6000 tonnalik bu vosita “Osiyo Simfoniyasi” deb nomlangan ekan. Tsunami uni sohildagi uylar tomon ag’dargan.

Shaharning bir necha kun oldingi ko’rinishi va bugungi ahvoliga qarab, yoqa ushlaysiz.

Tozalash ishlari boshlangan, lekin Kamaishi qabristonni eslatadi. Har yoqda yig’i ovozi, kimdir otasidan, kimdir onasi, kimdir esa bolasidan ayrilgan.

Kamaishi, Yaponiya

Kamaishi, Yaponiya

Port bo’m-bo’sh. Vayronalar orasidan quruvchi kiyimida bir kishi chiqib kelayapti. O’zini Mazakatsu Sano deb tanishtiradi.

“Bu tushimmi yoki o’ngim”? - deya so’raydi u.

“Haliyam ishongim kelmaydi nima bo’lganiga. Hech narsamiz qolmadi. Hamma narsani qayta qurish kerak”,- deya kuyunadi Sano.

Mag’rur yapon umidni boy bermayotganini ko’rasiz. Ko’zida yosh, lekin yurti nimaga qodirligini unutmagan.

“Bu yer metal makoni, o’zimizni tiklab olamiz”, - deydi.

Kamaishi porti yaqinida Nippon metallurgiya zavodi joylashgan. Shaharning aksar aholisi shu yerda mehnat qilib, kun ko’radi.

84 yoshli Ayako Ito vayronaga aylangan uyi oldida

84 yoshli Ayako Ito vayronaga aylangan uyi oldida

Jahonda eng ko’p sim va temir mahsulotlar tayyorlaydigan inshootlardan biri. Oyiga 60 000 ming tonna tovar chiqaradigan zavod bugun zimiston.

Ko’chalarni aylanar ekanmiz, bir-biriga suyangan otaxonu-onaxonga yaqinlashamiz.

Ayako Ito 84, Sey Obara esa 82 yoshda ekan. Ikkinchi Jahon Urushi davrida bu yer strategik maskan bo’lgani, metal zavodi eng zarur mahsulotlarni yetkazib bergani haqida faxr bilan gapirib berishadi.

"Shahrimiz har yoqdan nishonga olingan, ammo urushdan tirik chiqqanmiz”,- deydi Ayako Ito.

"Bugun siyosatchilarimiz u kunlarni unutgan. Uyat”,- deydi Sey Obara.

Kamaishi, Yaponiya

Kamaishi, Yaponiya

"Nima bo’lsa ham tinchlik bo’lsin deyman. Tabiat qahri, nima ham qila olamiz. Eng muhimi, bir-birimizni o’ldirayotganimiz yo’q. Urushning o’sha dahshatli kunlari aslo qaytmasin”, - deydi Ayako Ito.

"Urushdan keyin o’zimizni tiklay olgan xalqmiz, bu ofatdan keyin ham oyoqqa turamiz”,- deydi Sey Obara.

Kamaishi yapon harbiy dengiz floti markazlaridan biri. Hozirda qidiruv-qutqaruv ishlari ham shu yerdan tashkil etilmoqda, boshqarilmoqda.

Kamaishi shahar markazi huvillab qolgan. Har yoqda kranlar, qurilish mashinalari va ishchilar. Tabiiy ofat qoldirgan chiqindini tashish kerak. Tog’-tog’ axlat.

Kamaishi, Yaponiya

Kamaishi, Yaponiya

Ular atrofini kezib yurgan jabrdiydalar avvalgi hayotidan qolgan biror narsani topish ilinjida.

“Butun turmushimiz bir zumda yer bilan yakson bo’ldi. Mana shu axlatga aylandi”, - deya yig’laydi ular.

Yaponiya endigina moliyaviy inqiroz domidan chiqayotgan edi. Yarim millionga yaqin jabrdiyda yordam kutmoqda. Ularning hayotini yo’lga qo’yish uchun faqat mablag’ning o’zi yetmaydi. Ular ruhiy-tibbiy madadga ham muhtoj.

"Hech narsani sug’urta qilmagan edik. Qimmat edi. Qurbimiz yetmagan”,- deydi jabrdiydalardan biri.

Kamaishi, Yaponiya

Kamaishi, Yaponiya

Portga qaytar ekanmiz, yana Mazakatsu Sanoni uchratamiz. Butun umri shu yerda o’tayotganini aytadi.

“Qayta qurish ishlari boshlansa, ish ham ko’payadi. Bu yaxshi”, - deydi u.

Mana shunday ofatlar insonlarga har bir daqiqa g’animat ekanini, har bir imkoniyat hayotni davom ettirish uchun o’ziga xos bir umid, kuch-g’ayrat bag’ishlashini eslatar.

Kamaishi aholisining ko’zida yosh, qalbida esa cheksiz anduh. Ammo ertangi kunga ishonch so'nmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG