Qirg’iziston ahli yaponlar sinovlardan bosh egmay o’tishiga ishonadi


Qirg’iziston ahli yaponlar sinovlardan bosh egmay o’tishiga ishonadi

Qirg’iziston ahli yaponlar sinovlardan bosh egmay o’tishiga ishonadi

Zilzila, sunami va atom avariyasidan qattiq zarar ko’rgan Yaponiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan do’stona aloqaga ega.

Mintaqaga gumanitar ko’mak uzatib kelgan va yoshlar uchun ta’limiy dasturlarni yo’lga qo’ygan bu xalq bilan Markaziy Osiyo ahli hamdard.

Qirg’iziston tabiiy ofatdan jabr tortgan Yaponiyaga insonparvarlik yordami jo’natdi - 6,5 tonna yuk chodirlar, issiq ko’rpachalar va toza ichimlik suvidan iborat.

Shuningdek, 150 nafar jabr tortgan yapon oilalarini qabul qilish niyati bildirilgan. Qirg’iz hukumati xayriya hisobi ham ochgan.

Oddiy qirg’izistonliklar yapon birodarlarga hamdartlik aytish bilan birga, baholi qudrat ko’mak berishga tayyor.

“Bor narsamizi berishga tayyormiz. Shunday bir olim, solih odamlar ham tabiat oldida ojiz. Biz bir-birimizmi boshimizi silamasak, nima degan banda bo’lamiz”, - deydi o’shlik shoira Malika Komil qizi.

Sanjar Azimjonov yaqinda Yaponiyadan qaytib kelgan. Bu yigit nufuzli yapon oliygohida ta’lim olib magistr unvoniga sazovor bo’lgan.

“Yaponiya bizga ko’p yordam ko’rsatgan. Hozir ular o’zlari yordamga muhtoj. Qirg’iziston u yerga qutqaruvchilar yuborishga tayyor. Bundan tashqari, qanday ko’mak kerak bo’lsa, qo’ldan kelganicha berishimiz kerak. Men, masalan, Yaponiyadagi do’stlarimga, tanish-bilishlarimga qo’ng’iroq qilib, ularning hol- ahvollarini so’rab turibman. Qandaydir ma’naviy jihatdan yordam bermoqdaman. Ular ham bu narsadan xursand. Inson o’zini ruhan tiklab olsa, qolgan ishlar ketaveradi”, - deydi u.

Yaponlarning qanday xislatlari tabiiy ofat oqibatlarini yengib chiqadi, degan savolga Sanjarbek shunday javob berdi:

“Yaponlar qiziq xalq. Ularda kollektiv madaniyat rivoj topgan. Bir-biriga juda yaqin. Bunday madaniyat maktab yoshidan boshlab o’rgatiladi. Noxush vaziyatlarda yaponlar bir-biridan yordam qo’lini uzmaydi. 1935-yili Kobe shahrida aynan shunday katta zilzila bo’lgan. O’shanda nafaqat yaponlar, balki u yerdagi muhojirlar ham yaponlarga qo’shilib, hamjihatlikda ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam bergan. O’ylaymanki, yaponlarning aynan kollektiv madaniyati, bir-biriga yaqinligi boshiga tushgan og’ir sinovlarni yengib chiqadi”.

Yaponiya Qirg’izistonning faol hamkorlaridan biri hisoblanadi. Qirg’izistonga turli iqtisodiy-ijtimoiy va boshqa loyihalar uchun yirik sarmoyalar ajratib keladi.

Tadqiqotchi Sanjar Azimjonovning aytishicha, Yaponiya butun O’rta Osiyo mamlakatlariga katta sarmoyalar kiritayotir.

“Qirg’iziston agrar o’lka va Yaponiya ushbu sohani rivojlantirishda yordam berayotir. Bundan tashqari Yaponiya o’z volontyorlarini bizga yuborib, madaniyatimizi o’rganishga harakat qiladi. Ayni paytda ular o’z madaniyatlarini qirg’izistonliklarga ham tanishtiradi. Turli o’quv loyihalari ham yaponlar tomonidan moliyalashtiriladi. Mamlakat boshqaruvida mutaxassislar Yaponiyada malakalarini oshirib keladi. O’tgan yilgi iyun voqealaridan so’ng Yaponiya yirik miqdorda insonparvarlik yordami jo’natdi. Xullas O’rta Osiyo davlatlarini o’z strategik partnyori deb hisoblaydi”, - deydi suhbatdosh.

Yaponiyaning Fukushima atom elektrostansiyasidagi avariyadan keyin, kelajakda atom energetikasi qanday rivojlanadi?

“Yaponiyadagi vaziyat odamlarning tabiiy ofatlar oldida ojizligini yana bir bor isbotladi. Yapon olimlari har doim inson xavfsizligini eng oldiga qo’yishgan. O’ylaymanki, bundan keyin ular xavfsizlik choralariga yanada ko’proq e’tibor qaratishadi. Bu voqeadan so’ng traditsion energetika manbalari bo’lgan davlatlar o’sha manbalardan ko’proq foydalanishi darkor. Yapon atom stansiyasidagi hodisa butun davlatlarga dars bo’lishi kerak”, - deydi Sanjar Azimjonov.

Qirg’iziston ahli mardonavor yapon xalqi bu sinovlardan ham bosh egmay o’tishiga ishonadi.

XS
SM
MD
LG