Breaking News

Fukushima atom elektrostansiyasida ahvol og’irlashar ekan, radiatsiya tarqalish xavfi yuqori


Fukushima atom elektrostansiyasida ahvol og’irlashar ekan, radiatsiya tarqalish xavfi yuqori
Fukushima atom elektrostansiyasida ahvol og’irlashar ekan, radiatsiya tarqalish xavfi yuqori

Qizigan reaktorni sovitish ishlari qiyinlashgan. Hududni yuz minglab odam tark etgan.

Fukushima Daiichi atom elektrostansiyasida ahvol og’irlashar ekan, radiatsiya tarqalish xavfi yuqori. Mutaxassislarning aytishicha, fojia ko’lami 1979-yilda AQShdagi eng yirik yadro krizisidan kattaroq bo’lsa-da, Chernobil fojiasi darajasida emas.

Fukushima atom elektrostansiyasidan 30 kilometrlik radiusda bir necha nazorat punktlari tashkil etilib, aholida nurlanish bor-yo’qligi va miqdori tekshirilmoqda. Ularga ko’chaga chiqmaslik tavsiya qilingan.

Radiatsiya miqdori oshib borar ekan, qizigan reaktorni sovitish ishlari qiyinlashgan. Hududni yuz minglab odam tark etgan.

AQShda joylashgan Energetika va atrof-muhitni tadqiq qilish instituti prezidenti Arjun Makxijanining aytishicha, Yaponiyadagi kabi inqiroz hali hech yerda bo’lmagan.

"Bir vaqtning o’zida uchta reaktor avariyaga uchramagan hali", - deydi u.

Fukushima zavodida uch reaktorda portlash ro’y berib, to’rtinchisini alanga olgan.

"Bu juda ham jiddiy avariya", - deydi Arjun Makxijani. "Biroq radioaktiv nurlanish Chernobil darajasida emas".

1986-yil Ukrainadagi fojia reaktorlardan birining portlashi oqibatida yuzaga kelib, qo’shni Belarus va Rossiya ham radiatsiyaga uchragan edi.

Yadroviy energiya tanqidchilaridan biri Kevin Kempsning aytishicha, nurlanish odatda tez tarqalib, radioaktiv yod izotoplari odamning qalqonsimon bezlarini nishonga oladi.

"Bemorga tarkibida kaliy yodi bor tabletkalar o’z vaqtida berilsagina radioaktiv yodni organizmdan chiqarish mumkin. Chernobilda odamlar nurlanganida rak, qalqonsimon bez epidemiyasi kabi kasalliklarga uchragan edi", - deydi Kemps.

AQShda eng yirik atom avariyasi 1979-yilda Pensilvaniya shtatida sodir bo’lib, reaktor qisman erib ketgan edi. Biroq Yaponiyadagi fojia undanda jiddiyroq.

AQShdagi noxush voqeada qurbonlar yoki jabrdiydalar bo’lmagan, insonlar va hayvonlarda keyinroq oz miqdorda radiatsiya aniqlangan edi.

Atom reaktorlari bir necha qatlamli qobiq ostida bo’ladi, chunki reaktordagi sterjenlardan o’ta yuqori darajali harorat taraladi. Sterjenlar suv bilan sovutiladi, sovutgich ishdan chiqsa, sterjen qizib, erib ketishi mumkin.

Kevin Kempsning aytishicha, Fukushimada yadroviy muhandislar ortiqcha qizib ketishning oldini olishga harakat qilyapti.

"Sterjenlar harorati tushirilmasa, sovutgich tizimi faoliyati tiklanmasa, reaktor erib ketib, atrof-muhitga jiddiy zarar yetishi muqarrar", - deydi Kevin Kemps.

Vaziyat qanchalik izdan chiqishini, avariya jiddiy fojiaga aylansa, oqibatlari qanday bo’lishini bashorat qilish qiyin hozircha. Chernobil falokatidan 20 yil o’tgach ham Birlashgan Millatlar Tashkiloti uning asoratlariga qarshi 10 yillik dastur joriy etib, shu kungacha davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG