Okinavadagi AQSh harbiy bazasi bilan bog'liq yangi mojaro

  • Amerika Ovozi

AQSh bazasini yopishini talab qilib chiqqan yaponiyaliklar namoyishi, Tokio, 29-noyabr, 2015-yil.

AQSh bazasini yopishini talab qilib chiqqan yaponiyaliklar namoyishi, Tokio, 29-noyabr, 2015-yil.

Okinava rasmiylari AQSh havo bazasi orolning boshqa qismiga ko’chirilishiga qarshi chiqib, Yaponiya markaziy hukumatini sudga berdi.

Ikki taraf o’rtasidagi huquqiy jang anchadan beri davom etmoqda.

Oktabr oyida Okinava gubernatori Takeshi Onaga baza uchun yangi joyni obodonlashtirishga qarshilik bildirgan edi, vaholanki sobiq gubernator bunga rozi bo'lgan. Saylovoldi kampaniyasi chog’ida Onaga bazaning ko’chirilishiga qarshi chiqib, 2014-yilda aksariyat saylovchilar ovozini yig’ishga muvaffaq bo’lgan.

Biroq Yaponiyaning Yer, infratuzilma, transport va turizm vazirligi Onaga qarorini bekor qildi. Noyabr oyida markaziy hukumat Onagadan loyihani olib qo’yish masalasini ko’tarib, ishni sudga bergan edi.

So’nggi sud ishi

Juma kuni sudga taqdim etilgan shikoyatga ko’ra, Yer vazirligi Onaga qarorini qonunga zid ravishda bekor qilgan.

“Biz bazaning ko'chirilishini to'xtatish uchun barcha choralarni ko’ramiz. Okinava talabi qonuniy”, - dedi gubernator Onaga jurnalistlar bilan suhbatda.

Mana 20 yildirki, Yaponiya va AQSh aviabazani Okinavaning aholi zich joylashgan qismidan Henoki bo’g’oziga yaqin joyga ko’chirishga urinib keladi.

Biroq mahalliy aholi bazaning batamom yopilishini talab qilmoqda. Baza yaqinida yashaydigan fuqarolar shovqin, havoning ifloslanishi, jinoyatchilik, shu jumladan, ayollarni zo’rlash hollaridan shikoyat qilib keladi.

AQSh qo’shinlari

Yaponiyada AQShning 50 ming askari joylashtirilgan, ularning yarmidan ko’pi - Okinavada.

Orol Yaponiya hududining 1 foizidan kamini tashkil etadi. Ammo AQSh bazalarining 74 foizi aynan shu 2000 kvadrat kilometrlik orolda joylashgan.

O’tmishda ham AQSh askarlari sodir etgan jinoyatlardan keyin ommaviy norozilik namoyishlari bo’lib o’tgan edi.

Yaponiya va AQSh o’rtasidagi xavfsizlik bitimi Okinava aholisiga salbiy ta’sir qilmoqda, deydi gubernator Onaga.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG