Yaponiyada yadro zavodida yana portlash, zaharli modda tarqala boshlagan

  • Amerika Ovozi

Shanba kunidan beri Fukushima zavodi ikki bor portladi

Shanba kunidan beri Fukushima zavodi ikki bor portladi

Tabiiy ofat urgan Yaponiya shimolidagi Fukushima yadro zavodida bugun ham portlash ro’y bergan.

Shanba kunidan beri ikkinchisi. “Zavod reaktorini sovutishning iloji yo’q, biroq radiatsiya miqdori katta emas”, - deydi rasmiylar. Portlash bino devorlari va tomini yo’q qilgan.

Fukushima zavodida vodorod portlagan. Rasmiylarning aytishicha, tok uzilib, reaktor sovutgichlari ishdan chiqqan. Xatarli moddalar eriy boshlagan. Xavf yuqori ekanini hukumat tan olyapti.

Yadro zavodi atrofidan qariyb 200 ming odam evakuatsiya qilib bo’lingan. Vahimaga tushgan muhandislar okean suvini tashib, reaktor haroratini pasaytirish harakatida.

Radiatsiya xavfi bois qutqaruvchilar ham ehtiyot bo’lishi zarur.

Kamida 70 davlat yordam qo’lini uzatgan. Janubiy Koreya va Xitoydan qidiruv-qutqaruv guruhlari birinchilardan bo’lib yetib borgan.

AQSh havo va dengiz kuchlari yordamga otlangan. Britaniya, Avstraliya, Fransiya, Shveysariya va Singapur shular jumlasidan.

Atrof-muhit muhofazasi bilan shug’ullanuvchi Greenpeace tashkiloti xodimi Sofiya Majnuni ahvol g’oyat qaltis, deydi.

“Yaponiya hukumati reaktorni buzmoqchi, chunki sho’r suv uni sovitishi mumkinligiga ishonch yo’q. Amalda bu tajriba qilinmagan”, - deydi mutaxassis.

AQSh Senati Ichki xavfsizlik va davlat ishlari bo’yicha qo’mitasi raisi Jozef Liberman o’z mamlakatida loyihalashtirilayotgan barcha yadro zavodlari bo’yicha ishni to’xtatishga chaqirmoqda.

“Yaponiyadagi vaziyatdan saboq olib, qurilishni davom ettirishimiz kerak”, - deydi senator.

100 ming yapon askari va xorijlik mutaxassislar juma kungi zilzila va tsunamidan xarobaga aylangan shahar va qishloqlarni kezmoqda. Omon qolganlar qidiruvda.

Energiya tizimi uzilib-uzilib ishlab, yo’llar, ko’priklar vayron bo’lgan bir sharoitda qutqaruvchilarga og’ir.

Yaponiya shimoli-sharqida mingdan ziyod odamning jasadi topilgan. Ofatdan qattiq ziyon ko’rgan Miyagi viloyatida yana ming kishining o’ligi aniqlangan.

Talofat soni hozircha 10 ming kishi ekani ma’lum, lekin bu raqam soat-sayin o’sib borayapti.

Hukumat bugun tsunami qaytalaydi, deb aholiga teparoq hududlarga borishni tavsiya qilgan. Odamlarning asabi tarang, g’am va qo’rquv hissi hukmron.

Poytaxt Tokio ahli bugun ishga qaytgan. Idoralarda tok yonib-o’chib turibdi. Hukumat energiyani tejab ishlatishga urinmoqda.

Juma kungi zilzila kuchi 8,9 ballga teng bo’lgan. Yaponiya Bosh vaziri Naoto Kan mamlakat o’ta mushkul bir ahvolda, lekin xalq uni yenga oladi, deydi.

"Mamlakatimiz zilzila, tsunami va yadroviy xavf bilan yuzlashmoqda. Ikkinchi jahon urushi davridan beri eng mudhish falokat bu”, - deydi Naoto Kan.

Fojea Yaponiya ishlab chiqarish sanoatini barbod qilishi mumkin degan xavotir kuchli. Qimmatbaho qog’ozlar bozori talvasada. Ofat ekonomikaning deyarli har bir jabhasini urgan.

Markaziy Bank iqtisodiyotni krizisdan saqlab qolish uchun 183 milliard dollar sarfladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG