Breaking News

Yaponiya nurlanish xavfi soat-sayin oshib borayotganini tan oldi


5 mingdan ziyod odam o'lgan, 9 mingdan ko'pi bedarak ketgan
5 mingdan ziyod odam o'lgan, 9 mingdan ko'pi bedarak ketgan

Yaponiya hukumati nurlanish xavfi soat-sayin oshib borayotganini tan oldi.

Zilzila va sunami oqibatida ziyon ko’rgan Fukushima atom stansiyasidan radiatsiyani to’xtatish uchun hamma chora qo’llanmoqda.

Ulkan halokatning oldini olish uchun vaqt tig’iz, deydi rasmiylar.

Qizib borayotgan reaktorga havodan, yerdan suv sochilmoqda. Binodagi plutoniy moddasi dunyoda eng zaharli element sanaladi.

O’t o’chiruv mashinalari, vertolyotlar inshootga suv purkamoqda – reaktorni sovutib turadigan tizim tabiiy ofat natijasida ishdan chiqqan.

Reaktor isigani sari nurlanish darajasi ham oshadi.

Yaponiya nurlanish xavfi soat-sayin oshib borayotganini tan oldi
Yaponiya nurlanish xavfi soat-sayin oshib borayotganini tan oldi

Vertolyotlar har bir qatnovda 7 yarim tonna suv eltishga qodir. Lekin televideniyeni tomosha qilar ekansiz, shamol suvning ko’pini uchirib ketayotgani ayon.

Mudofaa vaziri Toshimi Kitazava vaqt tig’iz ekanini ta’kidlaydi.

Yaponiya hukumati havodan ko’rilayotgan chora, Qo’shma Shtatlar jo’natgan suv nasoslari ham ish beradi degan umidda.

Fukushima zavodi uchun mas’ul kompaniya binoda elektr quvvatini tiklash harakatida. Shunda inshootni sovutish tizimi ishga tushadi.

Rasmiylarning aytishicha, Bosh vazir Naoto Kan va Amerika prezidenti Barak Obama vaziyatni muhokama qilib olgan.

Qo’shma Shtatlar Yaponiyaga ko’proq ekspert jo’natish, ofat asoratlarini hal etishda yordam va’da qilmoqda.

Yaponiyada AQShga qarashli 14 kema, minglab askar bor. Ular zilzila va toshqin oqibatlari bilan olishayotgan xalqqa yordam bermoqda.

Kemalar 273 yapon askari va transportni talofat ko’rgan hududlarga eltdi. Suv va odam tashiyotgan vertolyotlar mana shu kemalarda yonilg’i quyib olmoqda.

Pentagonning bildirishicha, amerikalik yana 2200 zobit Yaponiyaning Senday shahriga, aeroportni tozalashga yo’l olgan.

Amerika qonunchilari nazarida vaziyat Yaponiya tan olganidan bir necha barobar og’ir. Fukushima zavodidan evakuatsiya qilish radiusini oshirish kerak, deydi ular.

Yaponiya nurlanish xavfi soat-sayin oshib borayotganini tan oldi
Yaponiya nurlanish xavfi soat-sayin oshib borayotganini tan oldi

Yadroviy masalalar bo’yicha mas’ul Gregori Jajko Oq Uyda Yaponiya yuzasidan hisobot bergan. Uning aytishicha, nurlanish ko’lami juda yuqori.

Davlat departamenti bu davlatdagi fuqarolarini ehtiyot bo’lishga undamoqda.

Yaponiya hukumati 30 kilometr radius yetarli desa, Jajko 80 kilometr masofa ham kam, deydi.

Qator qonunchilar yadro quvvati muhim energiya manbai deb hisoblaydi. Qo’shma Shtatlarda 104 atom stansiyasi bor va unda yuzlab odam ishlaydi.

Mamlakat elektr energiyasining 20 foizi aynan yadro inshootlaridan olinadi.

Biroq boshqalar nazarida Yaponiyadagi fojeadan xulosa qilib, energiya siyosatini qayta ko’rib chiqish kerak.

Xitoy, Venesuela, Germaniya, Shveysariya va boshqa davlatlar eski atom stansiyalarini yopishga qaror qilgan.

“Biz ham yadro reaktorlari xavfsizligi haqida o’ylab qo’ysak, chakki bo’lmasdi”, - deydi demokrati qonunchi Ed Marki.

Obama ma’muriyati kelasi yilgi byudjet doirasida, yadro zavodlari inshootlariga alohida o’rin bergan, buning uchun qo’shimcha 36 milliard dollar mablag’ so’ragan.

Yaponiya hukumatining ma’lum qilishicha, chodir shaharlarda yashayotgan yuz minglab fuqaroga yegulik, suv va ust-bosh yetkazish muammo.

Yaponiya nurlanish xavfi soat-sayin oshib borayotganini tan oldi
Yaponiya nurlanish xavfi soat-sayin oshib borayotganini tan oldi

Qutqaruv-qidiruv ishlari davom etar ekan, o’lganlar soni ko’paygandan ko’paydi.

5300 odam o’lgani aytiladi. 9300 kishining daragi yo’q.

20 ming fuqaro yordam kutmoqda.

Qishloq xo’jaligi vazirligi yarim million odamga oziq-ovqat yetkazishga ojizmiz, deydi, chunki yo’llar to’siq.

Millionlab odamga yegulik, suv ulashilgan, lekin yana minglab odam och-nahor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG