Okinava orolidagi AQSh harbiylarining qayerga ko'chishi hanuz bahsli

  • Amerika Ovozi

Yaponiyaning Okinava orolidagi AQSh harbiylarining ko’chirilishiga oid bahsli masala yanada chigallashgan ko’rinadi. AQSh harbiy bazasiga qarshiligi bilan tanilgan odamning Nago shahri meri sifatida qayta saylanishi shundan dalolat bermoqda.
Okinava shimolidagi Nago shahri meri Susumu Inamine o’zining qayta saylanishini AQSh harbiylariga qarshi aholi kayfiyatining tasdig’i sifatida baholamoqda. AQSh harbiy bazasi Okinava janubidagi Futenma shahridan janubroqdagi Nagoga ko’chirilishi rejalanayotgan edi.

Inamine nafaqat bazaning ko’chirilishiga qarshi, balki uning butunlay yopilishi tarafdori.

Uning aytishicha, aholi harbiylarning ko’chish rejasiga mutlaqo qarshi va ularning prefekturani, iloji bo’lsa, mamlakatni butunlay tark etishini istaydi. Eng yaxshisi, Futenmadagi bazani butunlay yopish, deydi Nago meri.

Janubiy Okinavadagi harbiy baza uchun yangi joy topish yuzasidan AQSh va Yaponiya uzoq yillardan beri muzokara olib boradi. Zich aholiga ega Ginovan shahri AQSh harbiylariga ortiq joy berishni istamayapti.

Dekabr oyida Okinava gubernatori bilan Nago shahrining Henoko qirg’og’idan yangi joy olish bo’yicha kelishuvga erishildi. Ushbu bitim Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abening Okinavaga sakkiz yil davomida har yili $300 mln. moddiy yordam berish haqida qaror qabul qilishi ortidan e’lon qilindi. Kelishuvga qarshi bo’lganlar gubernatorni pulga sotilganlikda ayblamoqda.

Okinavada yashovchi ko’plab odamlar harbiy baza kelishi bilan shaharda shovqinning kuchayishi va jinoyatchilik ko’lamining oshishidan xavotirda. Atrof-muhitni asrab-avaylovchi faollar fikricha, Nago portida olib boriladigan qurilishlar orolning tabiati va hayvonot dunyosiga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi.

Yaponiyaning Xalqaro munosabatlar instituti tadqiqotchisi Tetsuo Kotanining aytishicha, Nago shahar merining qayta saylanishi natijasida harbiy baza taqdiri hanuz noma’lumligicha qolmoqda.

“Aytish juda qiyin. U baza ko’chirilishini to’xtata oladigan darajada kuch va vakolatga egami, bu haqda hali bilmaymiz. U shunday kuchga ega bo’lgan taqdirda ham, hukumat qonun chiqarish orqali uning qarorini bekor qilishi mumkin”, - deydi u.

Nima bo’lishidan qat’i nazar, mahalliy aholining qarshiligi Vashingtonni noqulay ahvolga solmoqda. Yaponiyadagi Templ universitetida Osiyo tadqiqotlari bo’limini boshqaruvchi Jeff Kingston shu fikrda.

“Vashington oldidagi mushkul vaziyat shundan iboratki, mahalliy qarshilikka e’tibor bermasdan, bazani ko’chirish ishlariga qo’l urilsa, bu Nago aholisining demokratik talablari hisobga olinmagani bois Yaponiyadagi AQSh manfaatlariga putur yetkazishi mumkin”, - deydi tadqiqotchi.

AQSh va Yaponiya rasmiylari uzoq yillardan beri Okinavadagi harbiylar masalasini hal qilishga urinadi.

Okinava Yaponiyadagi jami quruqlikning faqat bir foizini tashkil etsa-da, AQShning 86 ming harbiysini, ularning 43 ming oila a’zolari va yana 5 ming oddiy ichshini o’z bag’riga olgan.

Vashington kelasi 10 yil ichida Okinavadagi harbiylarning to’qqiz mingini AQShga qarashli Guam oroliga ko’chirishni ko’zlamoqda. Ammo boshqa minglab harbiylar Yaponiyada qolib, faoliyatini davom ettiradi.

Kotanining aytishicha, AQSh harbiylarining Okinavada qolishi juda muhim va buni ko’plab yaponiyaliklar qo’llab-quvvatlaydi.

“Ayniqsa, Xitoyning o’sishi yangi xavf va imkoniyatlar yaratayotgan bir paytda, Pekinning agressiv harakatlarini cheklash uchun AQSh harbiylarining Okinavada turishi juda muhim”, - deydi u.

Agar bazani Futenmadan Nagoga ko’chirish rejasi amalga oshmasa, harbiylar oldida boshqa muqobil yo’l yo’q.

Baza hozirgi Ginovan shahrida qolishda davom etsa, bu siyosiy jihatdan “vaqt bombasi”ga aylanadi, deydi Kingston.

“Ko’pchilik qabul qilishi mumkin bo’lgan boshqa bir yo’l bazani Kadenadagi kattaroq havo bazasi tarkibiga qo’shib yuborishdir. Uch AQSh senatori – Makkeyn, Levin va Veb shu yo’lni tavsiya qilgan. Ammo Pentagon va Havo kuchlari bunga rozi emas”, - deydi Templ universiteti tadqiqotchisi.

AQSh harbiylarining aytishicha, bazani Kadenaga ko’chirish muammoni hal qilmaydi. Chunki yangi manzil faqat 11 km. narida joylashgan bo’lib, Futenma muammosini biroz nariga surishdan boshqa narsaga yaramaydi, deydi Pentagon vakillari.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG