Breaking News

Amerika atom elektrostansiyalari tekshiruv ostida


Kaliforniya shtatidagi Diablo Canyon atom elektrostansiyasi
Kaliforniya shtatidagi Diablo Canyon atom elektrostansiyasi

Yaponiyada zilzila va sunami oqibatida atom elektrostansiyasining avariyaga uchrashi AQShda xavotirga sabab bo'lmoqda.

"Vashington Post" gazetasining xabar berishicha, Yaponiyadagi voqealardan bezovta AQSh qonunchilari Amerika energetika siyosatini qayta ko'rib chiqishga, yadro zavodlari qurilishlari va bu bilan bog'liq barcha bo'lajak loyihalarni to'xtatishga chaqirmoqda.

Prezident Obama mamlakatning energiya quvvatiga bo'lgan ehtiyojlarini qoplash, xorij yonilg'isiga tobelikni kamaytirish, zaharli gazlarni atmosferaga chiqarshni cheklash maqsadida shu kunga qadar yadro yonilg'isiga diqqatni kuchaytirish kerak, deb kelgan edi.

AQSh Senati Ichki xavfsizlik va davlat ishlari bo'yicha qo'mitasi raisi Jozef Libermanning aytishicha, atom zavodlari qurishni butunlay to'xtatish shart emas.

Ammo, deydi senator, bo'lajak loyihalarni Yaponiyadagi vaziyatdan saboq olgan holda rejalash zarur.

1979-yilda Pensilvaniya shtatidagi yadro zavodida avariya sodir bo'lganidan beri Amerikada yadro xavfsizligi borasida xavotirlar mavjud.

AQSh Yadro energiyasi instituti kelasi 15-20 yilda qurilishi rejalanayotgan 20 ta reaktor loyihasini o'rganishga kirishgan.

2010-yil aprelida prezident Obama so'nggi 30 yilda ilk atom elektrostansiyasini qurishga 8,3 milliard dollar ajratilishi haqida ma'lum qilgan edi.

Xususan Jorjiya shtatida ikkita reaktor qurish rejalangan.

Oq uy Yaponiyadagi ahvolni yaqindan kuzatib, yadro xavfsizligi borasida kerakli xulosa chiqarishga harakat qilamiz, ammo AQSh yadro siyosatida sezilarli o'zgarish bo'lmaydi, deb aytmoqda.

"Nyu-York Tayms" gazetasi ham shu mavzuni ko'targan. Demokrat kongressmen Edvard Marki, senator Liberman kabi, yangi yadro zavodlari qurilishlariga moratoriy qo'yish tarafdori.

"AQSh federal hujjatlarida neft oqib tushganda yoki dovul kabi favqulodda holatlarda qanday ish tutish kerakligi aytib o'tilgan, ammo yadroviy ofat yuzaga kelsa nima qilish kerakligi, kim nimaga javob berishi, muvofiqlashtirish ishlari aniq belgilanmagan", deydi qonunchi Marki.

AQShda elektr quvvatiga bo'lgan ehtiyojning 20 foizi yadro zavodlari faoliyati hisobiga olinadi. Jami 31 shtatda 104 ta reaktor bor. Rasmiylarning aytishicha, Amerika atom elektrostansiyalari xavfsizlik jihatdan zilzila va sunami kabi tabiiy ofatlarga dosh bera oladigan darajada qurilgan.

Jumladan, seysmik zonalardan yiroqda joylashganlari ham. Seysmik hududga yaqin qurilgan ikkita zavod Kaliforniyada.

Biroq ularni loyihalashtirishda, deydi mutaxassis Pol Fleyk, o'tmishdagi zilzilalar va ilmiy bashoratlar hisobga olinib, hududda 6,5 balldan kuchliroq zilzila bo'lmasligi aniqlangan va zavodlar shu hisoblarga qarab qurilgan. Yaponiyadagi zilzila kuchi esa 8,9 ball teng edi.

Yana bir yadrochi mutaxassis Entoni Pitranjeloning aytishicha, Yaponiyadagi kabi zilzila va sunamining AQShda takrorlanish ehtimoli juda past.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG