Yapon-amerikaliklar urush davrini xotirlamoqda

  • Amerika Ovozi

II Jahon urushi yakunlanganining 70 yilligi nishonlanar ekan, urush faxriylari uchun AQSh bo’ylab turli tadbirlar o’tkazilmoqda. Los-Anjelesda o’tgan bir marosimda amerikalik yaponlar yig’ildi. Ular AQSh armiyasi safida xizmat qilgan, lekin urush tugaguncha oilalari hibsxonalarda saqlangan.

Los-Anjelesdagi Kichik Tokioda amerikalik yapon urush faxriylari to’plandi. Ular janglarda, qurilish hamda razvedka bo’limlarida xizmat qilgan.

Qizig’i, urush tugaguncha bu askarlarning yaqinlari Amerikadagi qamoq lagerlarida saqlangan. Ularning har o’ntadan oltitasi AQSh fuqarosi sanalsa-da, urushda Yaponiya tomonga o’tib ketmasligi uchun shunday chora ko’rilgan.

Urush faxriysi Yoshio Nakamura bu amaliyotning bir kun kelib adolatsiz deb topilishiga ishonchi komil bo’lganini aytadi.

“Biz vatanparvar amerikaliklar ekanimizni ko’rsatishimiz zarurligini his qiganmiz”, - deydi u.

Urush tugashi bilan lagerlar yopilgan va 1988-yil AQSh hukumati bu ishi uchun uzr so’ragan.

Yapon urush faxriylarini xotirlash marosimi ular xizmat qilgan 442-jangchilar guruhi shiorini nom qilib olgan ta’lim markazida bo’lib o’tdi.

Markazni boshqaruvchi Bil Sekining aytishicha, yaponlar urushga bor-budlarini tikib ketgan.

“Alohida jamoa sifatidagi janglari bilan ular kattaliklari va xizmatlari davomiyligi bo’yicha armiya tarixidagi eng ko’p taqdirlangan guruhga aylangan”, - deydi u.

Bu faxriylarning ko’pi og’ir janglarda qatnashgan. Touk nomi bilan tanilgan Tokuji Yoshihashi shimoliy Italiyada nemislarning so’nggi guruhlarni tor-mor etishda qatnashgan.

Touk, asosan, amerikalik yaponlardan iborat 100-piyoda askarlar batalyonida xizmat qilgan.

“Men guvoh bo’lgan eng go’zal manzara AQShning “P47” qiruvchi samolyotlarini ko’rish edi. Ular nemis manzillarini yakson qilib, bizning yorib kirishimizga yordam bergan”, - deya eslaydi u.

Ayrim muhojir oilalarning har ikki tomonda ham qarindoshlari bo’lgan. Ken Akune va uning akasi AQSh armiyasida xizmat qilgan bo’lsa, yana ikki ukasi Yaponiya armiyasida askar bo’lgan.

“Jang maydonida ukangga duch kelib qolsang nima qilgan bo’larding? Bunaqa paytda tirik qolishni o’ylaysan kishi. Lekin men hech qachon bu haqda o’ylamaslikka harakat qildim”, - deydi Ken.

Bu faxriylarning ko’pi yaqin do’stlaridan ayrildi. Hozir ularning nomlari yodgorlikka o’yib yozilgan.

“Qurbon bo’lgan ko’plab yaxshi insonlarning xotirasi bu”, - deydi urush veteranlaridan biri.

Bu sobiq jangchining aytishicha, ana shunday yodgorliklar va xotira marosimlari askarlarning qurbonligi behuda ketmaganidan dalolat beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG