Nyu-Jersi musulmonlari Trampga qarshi

  • Amerika Ovozi

Nyu-Jersida Donald Trampga qarshi o'tkazilgan namoyish, 19-may, 2016-yil.

Nyu-Jersida Donald Trampga qarshi o'tkazilgan namoyish, 19-may, 2016-yil.

Nyu-Jersi shtatining Jersi-sity shahri aholisi dastlabki saylovda ovoz berganda prezidentlikka respublikachi nomzod Donald Trampning o'tgan yili noyabrda aytgan so’zlarini eslagan bo’lsa ajab emas.

O'shanda Tramp 11-sentabr xuruji yuz berganda Nyu-Jersida “minglab odam xursand bo’lib, uni olqishlagan”, degan gaplarni aytgan edi. Bu bilan u shtat musulmonlariga ishora qilgan.

Yosh respublikachi faol Maykl Tulen 2001-yil Montkler davlat universiteti talabasi edi.

“Men odamlar xursand bo’lganini eslamayman. Bir necha kun o’tib Nyu-Jersiga borganimda odamlarga yordam berganman va xursand bo’lganlarni ko’rmaganman”, - deydi u.

Musulmonlar munosabati

Nyu-Jersida yashaydigan pokistonlik-amerikalik Rafiq Chodri 11-sentabrda egizak binolar qulashini qattiq xavotir va qo'rquv bilan kuzatganini eslaydi.

Trampning musulmonlar haqidagi bayonotini izohlar ekan, milliarder biznesmen xato qilganini tan olishi kerak, deydi u.

“Faktlar ayon bo’lgach, u “uzr, mendagi ma’lumot noto’g’ri ekan”, deb kechirim so’rashi kerak edi. Biroq u nohaq ekanini tan olmadi. Men bunday odamning prezident bo’lishiga qanday ovoz beray?” – deydi Chodri.

Avval prezidentlikka da’vo qilgan, so’ngra poygadan chiqib, Trampni qo'llab-quvvatlagan gubernator Kris Kristi Tramp bayonotlarini oqlashga urindi.

U irqchi emas, deydi u.

“Siyosatchi yolg’on gapirganda, o’z salohiyati va ta’siridan matbuot yordamida o’sha yolg’onni tarqatish uchun foydalanganda odamar g’azabiga uchraydi”, - deydi Jersi-sitidagi Tavhid islom markazidan demokrat Eyb El-Devak.

Uning masjidi musulmonlarni, qaysi nomzod uchunligidan qat’i nazar, saylovda faol qatnashishga undamoqda. Ammo Tramp ko’plab bayonotlariga tushuntirish bermasa bo’lmaydi, deydi u.

Partiyasini o'zgartirayotganlar

Trampdan norozi ayrim respublikachilar noyabrgi saylovlardan oldin partiyasini o’zgartirib, demokrat nomzodga ovoz beroqchi.

“Bir telefon qo’ng’irog’i bilan partiyamni o’zgartiraman”, - deydi Chodri.

U respublikachi. Ammo Hillari Klintonning prezident bo’lishi tarafdori va bu nomzod yutishi uchun odamlar orasida targ’ibot olib borish niyatida.

“Amerika orzusi”ga zarba

Jersi-sitidagi Islom markazi prezidenti, misrlik-amerikalik Ahmad Shedid Tramp bayonotlari nafaqat musulmonlar, balki boshqa oz sonli guruhlarga qarshi qaratilayotganiga e’tibor qaratadi.

“Nafrat, odatda, bir odamga emas, hammaga qaratiladi. Ayollar, meksikaliklar, immigrantlar. Hammaga tosh otib chiqdi. Bu amerikalikka xos axloq emas”, - deydi u.

Shedid ham Chodriga o’xshab respublikachi. Ammo noyabrda Klintonga ovoz bermoqchi.

“Men bundan 36 yil oldin Amerikaga, ekrinlik diyoriga kelganman. Erkin yashash uchun keldim, hech kim mening dinim yoki terimning rangiga qaramaydi, deb keldim. Balki sening bobong, balki otang Amerikaga shunday orzu bilan kelgandir”, - deydi u.

Amerika orzusiga kelganda respublikachi va demokratlar orasida farq yo’q, deydi suhbatdoshlar. Bu orzu uchun ular 8-noyabr kuni ovoz bermoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG