AQShda jihodchi ayol ustidan sud hukmi chiqdi

  • Amerika Ovozi

Kollin R. LaRouz ustidan o'tkazilgan sud jarayoni aks etgan surat

Kollin R. LaRouz ustidan o'tkazilgan sud jarayoni aks etgan surat

O’zini “Jihodchi Jeyn” deb atagan amerikalik ayol AQSh sudi tomonidan 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U musulmonlarni haqorat qilgan shvetsiyalik rassomni o’ldirishni rejalaganlikda aybdor deb topildi.

Asl ismi Kollin R. LaRouz bo’lgan filadelfiyalik bu ayol internet orqali islomni qabul qilgach, Al-Qoida guruhi faollari bilan tanishib qoladi. Ular bilan til biriktirib, 2009-yil rassom Lars Vilksni o’ldirish uchun Irlandiyaga yo’l oladi. Ammo uni Yevropaga chaqirgan odamlar bilan yaxshi chiqisha olmagach, olti hafta o’tgach, ortga qaytadi. U AQShga qaytgach, hibsga olinadi.

Tergov jarayonida boshqa terror ishlarini ochirishga katta yordam bergani uchun u umrbod qamoq jazosidan qutilib qoldi, deydi prokurorlar.

Dushanba kuni e’lon qilingan sud qaroridan so’ng, LaRouz notanish odamlarning buyruqlariga “ko’r-ko’rona” ergashgani uchun kechirim so’ragan.

LaRouz bilan aloqada bo’lgan Al-Qoida vakili Ali Damachi ham Irlandiyada hibsga olingan. Hozir uni AQShga ekstraditsiya qilish bo’yicha sud ishi davom etmoqda.

Damachiga turmushga chiqish uchun Irlandiyaga uchgan yana bir amerikalik ayol ham jinoyat ishida qatnashganligi haqida o’z aybiga iqror bo’lgan. Uning ustidan sud hukmi chorshanba kuni chiqishi kutilmoqda.

Ayni paytda o’z aybiga iqror bo’lgan Muhammad Hasan Xolid ismli yana bir shaxs ustidan sud hukmi e’lon qilinishi kutilyapti. Uning advokati suddan hukmni kechiktirishni so’ragan. Chunki Xolid jinoyatlarni sodir etgan paytda 15 va 16 yoshlarda bo’lgani uchun psixologik tekshiruvlarni yakunlash so’ralgan. Xolid AQShda terrorizm aybi bilan sudlangan eng yosh shaxsdir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG