Urush faxriylari uchun mehnat yarmarkasi

  • Amerika Ovozi

Urush faxriylari uchun mehnat yarmarkasi

Urush faxriylari uchun mehnat yarmarkasi

AQShda ishsizlik ayniqsa urushda xizmat qilib qaytgan fuqarolar orasida yuqori. Lekin ularga yordam ko'rsatadigan tashkilotlar bor.

Yuzlab odam ish topish maqsadida yaqinda faxriylar uchun maxsus uyushtirilgan mehnat yarmarkasiga chiqdi.

"Kunu-tun kompyuter va telefon orqali ish izlayman", - deydi Ernest Pizonya, Afg'onistonda xizmat qilgan amerikalik.

Yarmarkada 50 dan ziyod kompaniya ishtirok etdi. Faxriylar bilan uchrashib, loyiqlariga ish taklif qilishdi.

Urush faxriylari uchun mehnat yarmarkasi

Urush faxriylari uchun mehnat yarmarkasi

Maykl Sorrentino 12 yillik harbiy xizmatdan so'ng qurilishda ishladi. Ammo 2008-yilda ishidan ayrilib, o'shandan beri yangisini qidiradi. Yaqinda bir tashkilot unga yordam taklif qildi.

"Xizmatlari uchun pul olishmaydi. Ko'p savol berishmaydi. Rezyumeni so'rashadi. Suhbat uchun kostyum yoki tuflingiz bo'lmasa, berib turishadi. Suhbatda nima deyishni o'rgatishadi", - deydi u.

Tashkilotning Amerika bo'ylab ko'plab idoralari bo'lib, bo'limlaridan biri urush faxriylariga yordam beradi. Mahalliy, shtat va federal hukumatlar unga moliyaviy tomondan ko'maklashadi.

Frenk Grin ishsiz bo'lishdan tashqari uysiz hamdir.

"Uysizlar uchun maxsus joyda turaman. Lekin ish beruvchilarga bu haqda indamayman. So'rashsa, aytaman xolos. Ish topish oson emas, raqobat kuchli. Ammo biror narsa toparman, degan umiddaman. Bo'sh kelmayman", - deydi Grin.

Iroq va Afg'onistonda xizmat qilib, qaytganlarning 12 foizi ishsiz

Iroq va Afg'onistonda xizmat qilib, qaytganlarning 12 foizi ishsiz

Liz-Enn Jekobs ham deyarli shunday ahvolda. Harbiy-dengiz kuchlari zaxirachisi, yosh bolaning onasi. Ish yo'qligi sabab farzandini vatani, Trinidad va Tobagoga jo'natishga majbur bo'ldi. Uyimdan ayrilishimga yaqinman, deydi u. Zaxirachi sifatida har oy qurolli kuchlarga aloqador majlislarda ishtirok etishi, har yili bir necha haftaga dengizga chiqishi kerak. Ammo bu ish beruvchilarga yoqmasligi mumkin, deydi Jekobs.

"Zaxirada xizmat qilaman deyishim bilan yuzlari burishadi. Xohlagan payt ishdan ketishing mumkin, deb fikridan qaytishadi. Oson emas. Men ham bir joyda unib, o'sishni istayman", - deydi Jekobs.

Urush faxriylari uchun mehnat yarmarkasi

Urush faxriylari uchun mehnat yarmarkasi

Li Bous faxriylarga ish topishda ko'maklashayotgan tashkilot rahbari. Uning aytishicha, ularni suhbatga tayyorlash juda muhimdir.

"O'zlarining qo'lidan bu ish kelmaydi. Ayniqsa xususiy sektorda ish topishga kelganda. Suhbatga qanday kiyim kiyish kerakligini, harbiy xizmatda olgan tajribalarini u yoki bu ishga qanday qo'llay olishini bilish kerak. Biz ularga maslahat beramiz", - deydi u.

Kelasi 1-2 yilda minglab harbiy urushdan qaytib, iste'foga chiqishi kutilar ekan, ish masalasida ularning holi nima kechar ekan, hozircha noma'lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG