Breaking News

Amerika diplomati Xitoyda Shimoliy Koreya haqida gap ochdi


Davlat kotibi Jon Kerri Xitoyga safar qilib, Shimoliy Koreyani yadroviy tadqiqotlar yo’lidan qaytarish haqida gaplashmoqda. Amerika diplomati rasmiy Pekin o’z ta’sir kuchidan foydalanib, Pxenyanni yadro quroli yaratish fikridan voz kechishga ko’ndiradi, degan umidda.

Xitoy qashshoq qo’shnisini yonilg’i bilan ta’minlaydi va bu davlat bank tizimini suyab keladi. Shimoliy Koreya yadro dasturiga oid xalqaro muloqotni 2009-yilda tark etdi. Shundan beri ayrim yadro inshootlarini remont qilib, yerosti atom quroli sinovlarini o’tkazdi.

Pekinda Jon Kerri dastlab Xitoy prezidenti Shi Zinpin bilan, keyin Tashqi ishlar vaziri Vang Yi va boshqa mutasaddilar bilan ko’rishdi. Diplomat bu uchrashuvlarni sermahsul, ijobiy deb ta’rifladi va joriy yilda o’rtadagi farqlarni unutib kelishib ishlashga undadi.

Kerri Pekin va qo’shnilar o’rtasida talash orollar masalasini ham ko’taradi. Ziddiyat bois Xitoy, Yaponiya va regiondagi boshqa o’lkalarning aloqasi keskin taranglashgan.

Vashington nazarida Pekin agressiv usullar bilan Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizida nazoratni qo’lga olishga urinayapti. Nizo chiqqan taqdirda, harbiy kelishuvga ko’ra, Amerika ittifoqchisi Yaponiyaning yonini oladi, deya eslatadi AQSh diplomati.

AQSh davlat kotibi bundan oldin Janubiy Koreyada bo’lib, Shimoliy Koreya yadro dasturi haqida fikrlashdi. Kerri, xususan, prezidenti Pak Gin Xe bilan muzokara qildi. Bu muloqot Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya yetti yillik tanaffusdan keyin oliy darajada uchrashuvlar o’tkazgan bir paytga to’g’ri keldi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG