Amerika bosh diplomati Janubiy Sudanda

  • Amerika Ovozi

Janubiy Sudan Tashqi ishlar vaziri Barnaba Marial Benjamin Amerika bosh diplomati Jon Kerrini kutib oldi. 2-may, Juba, Janubiy Sudan.

Janubiy Sudan Tashqi ishlar vaziri Barnaba Marial Benjamin Amerika bosh diplomati Jon Kerrini kutib oldi. 2-may, Juba, Janubiy Sudan.

Jon Kerri fuqarolik urushi yoqasida turgan yurtda tinchlikni tiklash yo’llarini muhokama qilayapti.

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri Janubiy Sudanda, fuqarolik urushi yoqasida turgan yurtda tinchlikni tiklash yo’llarini muhokama qilayapti.

Diplomat Juba shahrida prezident Salva Kiir bilan bir soatdan oshiq gaplashdi. Kun davomida u sobiq vitse-prezident, isyonchilar sardori Riek Mashar bilan telefonda muloqot qilmoqchi.

Jon Kerri bu ikki arbobni kelasi hafta yuzma-yuz uchrashishga, o’zaro ziddiyatni tinch yo’l bilan hal qilishga ko’ndirmoqchi.

AQSh bosh diplomatining kecha aytishicha, zo’ravonlik ortida turgan asosiy omil – Salva Kiir va Riek Mashar o’rtasidagi raqobat. Begunoh insonlar o’limiga chek qo’yish lozim, deydi Kerri.

U, shuningdek, Afrika Ittifoqi tinchlikparvar qo’shinlarini iloji boricha tezroq Janubiy Sudanga jo’natishga erishmoqchi. Bu qo’shinlar tinch aholi himoyasi bilan shug’ullanadi.

Bu yosh davlatda o’tgan yilning dekabrida prezident Kiir vitse-prezident Masharni hukumatni to’ntarishga urinishda ayblab chiqdi. Natijada qonli janglar boshlanib ketdi. Zo’ravonlik elatlararo nafrat tusini olmoqda.

Bu orada, Nigeriya poytaxtida avtobus bekatida portlash ro’y bergan. Abuja chekkasida ro’y bergan bu xurujda 18 kishi o’lgani aytiladi.

Aprel oyi boshida o’sha atrofdagi hujum 75 odamning boshini yegan, Boko Haram jangari guruhi buni amalga oshirganini bildirgan edi. Bu galgisi kimning ishi ekani hali noma’lum.

Kelasi hafta Nigeriya Jahon iqtisodiy forumining Afrikaga bag’ishlangan anjumaniga mezbon bo’ladi. Prezident Gudlak Jonatan favqulodda xavfsizlik choralari ko’rishini ma’lum qildi.

Boko Haram mamlakat shimolida radikal islomiy qoidalar joriy etishga urinib, minglab odamlarning o’limiga sabab bo’lgan. Jangarilar Nigeriyada yaqinda 250 o’quvchi qizni o’g’irlab ketganlikda gumon qilinmoqda. Qizlar jangarilarga turmushga chiqishga majbur qilingani haqida xabarlar bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG