Jon Kerri jangarilarga qarshi kurashda arab davlatlari bilan kelishuvga erishdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Saudiya Arabistoniga safar qilib, “Islomiy davlat”ga qarshi xalqaro koalitsiya tuzish bo'yicha mintaqa davlatlari bilan kelishuvga erishdi.

Yig'in so'ngida e'lon qilingan bayonotda aytilishicha, arab davlatlari "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashga o'z hissalarini qo'shishga rozilik bergan.

Amerika diplomati Jiddada Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt, Ummon va Qatar rahbarlari bilan ko’rishdi.

Arab davlatlari rahbarlarining anjumaniga Saudiya Arabistoni mezbon ekani bejiz emas. Mamlakat koalitsiya tarkibida hal qiluvchi rol o’ynashi kutilayapti, ham iqtisodiy qudrati bois, ham kattaligi sabab. Saudiya Arabistonida aksariyat aholi sunniylar ekani ham muhim, deydi AQSh rasmiylari.

Kerrining Yaqin Sharq bo'ylab safari davom etmoqda. Uning Turkiyaga ham tashrif buyurishi kutilyapti.

Turkiyaning Iroqdagi diplomatlari va ularning oila a'zolaridan iborat 50 ga yaqin fuqarosi "Islomiy davlat" guruhi qo'lida asirlikda saqlanmoqda. Ularning xavfsizligidan jiddiy tashvish chekayotgan Anqara jangarilarga qarshi uyushgan xalqaro koalitsiyaga ochiq qo'shlishdan o'zini tiymoqda.

Anqadara Kerri Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an, Bosh vazir Ahmat Dovuto'g'li hamda Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li bilan ko'rishib, shu mavzuda muzokara olib borishi rejalashtirilgan.

Mintaqada va Iroqda sunniy-shia adovatini yengib, mushtarak koalitsiya tuzish - hozir ustuvor maqsad. “Islomiy davlat” terrorchi guruhi, asosan, sunniylardan iborat bo’lsa, Bag’doddagi yangi hukumatda shialar o’tiribdi. Iroq rahbariyatini shia Eron qo’llayotgani ham e’tiborli.

Davlat kotibi Jon Kerri arab rahbarlarini mahalliy matbuotdan, jumladan, “Al-Jazeera” va “Al-Arabiya” kabi kanallardan foydalanishga undayapti. Diplomat nazarida diniy peshvolarni ham jalb qilish zarur. Bu choralar “Islomiy davlat” yoshlarni o’z safiga chorlashiga chek qo’yish uchun muhim, deydi Kerri.

Kerrining aytishicha, “Islomiy davlat” islomni pesh qilsa-da, aslida guruhning nafratli faoliyati dinga mutlaqo zid. “Islomiy davlat” yovuzlikni o’zida mujassam etgan, zolim terrorchi tashkilot. O’z maqsadlariga faqat zug’um, zo’ravonlik va parokandalik yo’li bilan erishuvchi, jinoiy moliyaga va ajnabiy jangchilarga tayanuvchi guruh. Katta hududlarni bosib olgan ekstremistlar odamlarni, dini va elatidan qat’i nazar, qo’rquvda yashashga majbur qilmoqda”, - deydi Jon Kerri.

Ummon Tashqi ishlar vaziri Yusuf bin Alaviy bin Abdulla, Davlat kotibi Jon Kerri

Ummon Tashqi ishlar vaziri Yusuf bin Alaviy bin Abdulla, Davlat kotibi Jon Kerri

Davlat departamenti mulozimlarining aytishicha, koalitsiya uchun harbiy bazalar zarur, toki “Islomiy davlat”ni havodan urish mumkin bo’lsin.

Jon Kerri mintaqa yetakchilarini ekstremist guruhni moliya manbalaridan ayirishda jonliroq harakat qilishga undayapti. AQSh tomonining ogohlantirishicha, Quvayt va Qatar bunday yashirin moliyaviy amaliyotlarni puxta tekshirmayapti.

Jon Kerri Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysal bilan ko'rishayapti.

Jon Kerri Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysal bilan ko'rishayapti.

“Islomiy davlat” jangarilari Iordaniya va Turkiya chegaralari orqali neft uzatishga urinar ekan, Qo’shma Shtatlar buni to’sish zaruratini eslatmoqda.

Kelasi bir necha haftada Vashington muammo ustida yaqindan ishlab, razvedka ma’lumoti almashib, chegara nazoratiga zo’r bermoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG