Iordaniyaliklar hukumatdan norozi, ammo monarxiyaga qarshi emas

  • Amerika Ovozi

Ammon, Iordaniya. 25-fevral, 2011-yil

Ammon, Iordaniya. 25-fevral, 2011-yil

Qirol Abdulla xalq ko'nglini ovlash harakatida Vazirlar Mahkamasini tarqatib, bosh vazirni ishdan oldi.

Yaqin Sharq bo'ylab g'alayonlar boshlanmasidan oldin ham Iordaniyada faollar namoyish qilib, o'zgarishlarni talab qilib kelgan. Poytaxt Ammonda o'tgan namoyishlar boshqa arab davlatlaridagi chiqishlardan shunisi bilan farq qiladiki, iordaniyaliklar hukumat ishidan norozi, ammo monarxiyani bekor qilmoqchi emas. Shunga qaramay, deydi tahlilchilar, har qanday islohotlar Iordaniyada katta o'zgarishlarga olib kelishi, bu esa mintaqada xavfsizlik bobidagi nozik vaziyatga ta'sir qilishi mumkin.

Iordaniyaliklar so'nggi ikki oy davomida har juma kuni qo'lida shiorlar va bayroqlar bilan namoyish qilib, avvaliga iqtisodiy imkoniyatlar talabini olg'a surdi, maoshlarning ozligidan, narx-navo va soliqlar oshib ketayotganidan nolidi.

Qirol Abdulla xalq ko'nglini ovlashga harakat qildi. Vazirlar Mahkamasini tarqatib, bosh vazirni ishdan oldi.

Biroq mintaqa inqiloblar girdobiga sho'ng'igach, talablar kuchaydi. Xalq demokratik saylovlar va konstitutsion islohotlarni istay boshladi. Barcha iqtisodiy muammolarda korrupsiyani ayblab, hukumat javobgarligini oshirishga chaqirdi.

Iordaniya universiteti professori Hasan Baroriyning aytishicha, islohotlar amalga oshmaguncha namoyishlar davom etaveradi. Islohotlardan darak bo'lmasa, talablar va namoyishlar radikallashishi mumkin, deydi olim.

"Hukumat vaqt cho'zyapti. Islohotlarga qo'l urmasdan ular haqida gaplashishmoqchi. Yaqin Sharqni urgan o'zgarishlar bo'ronini vaqtincha deb o'ylab, tez orada o'tib ketishiga umid qilishyapti", - deydi Baroriy.

Tahlilchi, aksariyat iordaniyaliklar kabi, qirolni ayblashdan yiroq. Uning xalq orasida obro'si baland. Bundan tashqari mamlakatda siyosiy tanqidga ba'zida ko'z yumilsa-da, qirolni tanqid qilish qonunga xilof.

Islomiy harakat fronti Iordaniyada ro'yxatdan o'tgan yagona muxolif partiya. "Musulmon birodarlar" harakatining siyosiy qanoti hisoblanadi. Demokratik saylovlar o'tkazilsa, so'rovlarga ko'ra partiya 20-25 foiz ovoz olishi mumkin.

Islomiy harakat fronti, boshqa muxolif guruhlar kabi, korrupsiyani tugatishga, odil saylovlar o'tkazishga, taraqqiyot va qashshoqlikni kamaytirishga chaqiradi.

Tashqi siyosatda esa partiyaning hukumat bilan tili bir. Ammo Isroil masalasida, deydi guruh bosh kotibi o'rinbosari Nimer al-Assaf, menga qolsa, bu davlat bilan imzolangan tinchlik bitimidan voz kechgan bo'lardim.

"Iordaniya Isroil bilan bitimdan foyda ko'rgani yo'q", - deydi u.

Al-Assafning aytishicha, Isroilning Iordaniyani Falastin davlatiga aylantirish rejasi uning mamlakati yaxlitligiga tahdiddir. Ammo, deydi muxolif partiya vakili, biz masalani xalq hukmiga qoldirmoqchimiz.

Falastinliklar Iordaniya aholisining yarmini tashkil qiladi.

Mahalliy tahlilchilar nazarida Islomiy harakat fronti mintaqaviy barqarorlikka tahdid bo'la olmaydi. Muhammad al-Momaniyning aytishicha, partiya u qadar kuch-qudratga ega emas.

"Guruh Isroilni xush ko'rmaydi. Agar hokimiyat ularning qo'lida bo'lsa, ko'p bema'ni ishlar qilib qo'yishi aniq. Jumladan, Isroil bilan tinchlik bitimini bekor qilib. Ammo masalaning nozikligini tushungan holda bunga haddi sig'maydi deb o'ylayman", - deydi mutaxassis.

Islomiy harakat frontini Iordaniyada ko'p odam qo'llab-quvvatlasa-da, aksariyati guruh islomiy tuzum o'rnatishi mumkinligidan tashvishda. Ammo, deydi Momaniy, bu xavotirlar ham o'rinsiz.

Uning aytishicha, xorijiy kuzatuvchilar islomiy partiyalar kuchini bo'rttirib ko'rsatadi. Siyosiy nazariyalar haqidagi ta'limotga ko'ra, deydi Momaniy, har qanday demokrarik hukumat - shaklidan qat'iy nazari - xalqaro sahnada ijobiy hamkor bo'lishi mumkin.

"Demokratik jamiyat tinchlikka intiladi, muloqot yo'lini tanlaydi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG