Iordaniyada Musulmon Birodarlar idorasi yopildi

  • Amerika Ovozi

Ammonda Musulmon Birodarlarning ofisi yopildi. 13-aprel, 2016-yil.

Ammonda Musulmon Birodarlarning ofisi yopildi. 13-aprel, 2016-yil.

Iordaniya politsiyasi chorshanba kuni poytaxt Ammonda Musulmon Birodarlarning idorasiga bostirib kirib, uni yopgan.

Bu guruh Iordaniyada litsenziyasiz ishlagan, deydi rasmiylar.

Mamlakatdagi Birodarlar bir necha oy oldin ikki raqib guruhga, murosaga moyillar va hukumatni savolga tutib islohotlar talab qiladigan isyonkor qanotlarga ajralib ketgan edi.

Iordaniya politsiyasi va xavfsizlik xizmati guruhning ofisiga qulf osib ketdi.

Birodarlarning matbuot kotibi Badia Rifay hayronmiz, kutilmagan ish bo'ldi, deydi. Biror ogohlantirishsiz bostirib kelishdi. Noqonuniy, nodemokratik harakat bu, deydi u.

"The Jordan Times" gazetasining yozishicha, guruh ikki raqib fraksiyaga bo'linib ketgan va mazkur idorada o'tirgan qanot litsensiyaga hujjat topshirgan emas.

Biroq ulardan ajralib chiqqan yangi bo'linma Misrda taqiqlangan guruh bilan aloqasi yo'q ekanini e'lon qilib, litsenziya uchun ariza topshirgan.

Iordaniya parlamenti deputati Jamil al-Nimraviyning aytishicha, Musulmon Birodarlar yillar davomida qonunga bo'yin egmay, qog'ozlarini tartibga solmay kelayotgan edi.

2012-yilgi qonunga ko'ra, Birodarlar ijtimoiy, ta'limiy yoki nodavlat tashkiloti ekanini aniq izohlashi kerak, deydi Nimraviy. Bu orada, yangi, murosaga moyil raqib qanot qonunga amal qilib, hujjatlarni rasmiylarga havola etgan.

Musulmon Birodarlarning Iordaniyadagi bo'linmasi 1946-yilda ta'sis etilgan. Misrdagi birodarlar undan 18 yil oldin ish boshlagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG