Jurnalist Umar Faruq O'zbekiston hukumatining dindorlarga nisbatan siyosatini qoralamoqda


Asli pokistonlik jurnalist Umar Faruqning aytishicha, O’zbekiston hukumati xorijda unga qarshi bo’lgan diniy arboblarni yo’q qilish uchun qotillarni yollagan. Hozirda AQShda yashayotgan muxbir va faol O’zbekiston hukumatidan barcha diniy va siyosiy mahbuslarni ozod etishni talab qilmoqda.

Umar Faruqning yaqinda chop etilgan maqolasida aytilishicha, o’tgan yil dekabrida Turkiyaning Istanbul shahrida otib ketilgan 38 yashar o’zbek imomiga hujum ortida O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati turibdi.

Turkiyada 2003-yildan beri yashab kelgan Abdulla Buxoriyning ishini tergov qilgan turk politsiyasi uch kishini hibsga olgan, jumladan kuzatuv kamerasiga tushgan qotilni ham. Uning chechen millatiga mansub Rossiya fuqarosi Zelimxon Maxtiyev ekani ma’lum.

“Qotilning yonidan O’zbekiston hukumati tomonidan o’limi buyurtirilgan to’rt odamning ismi bitilgan ro’yxat chiqdi. Tergovchilarga ko’ra, guruhga bu ish uchun 250 ming dollar berilgan. Uch yil oldin Shvetsiyada Obid qori Nazarov otib ketilgan edi. O’lmadi, ammo koma holatiga tushdi. Karimov rejimi boshqa davlatlardan uning tanqidchilarini ekstraditsiya qilishni ham so’rab turadi”, - deydi Umar Faruq.

So’nggi paytlarda jangari guruhlar kuchayib, musulmon davlatlarda amaldagi tuzumlarga tahdid solarkan, hukumatlar ularga qarshi keskinroq chora ko’rishni boshlagan. Masalan, Pokiston hukumati jangarilarni harbiy tribunal orqali sud qilib, ularga nisbatan o’lim jazosini tiklagan. Malayziyada esa terrorchilikda gumon qilinganlar endi cheksiz muddat hibsxonalarda ushlab turiladi. AQSh maxsus kuchlari terror xavfini solayotgan amerikaliklarni xorijda sudsiz yo’q qilishi mumkin. Masalan, 2012-yilda Yamanda al-Qoidaning amerikalik a’zosi Anvar Avlakiy o’ldirilgan edi.

Umar Faruq, mustaqil jurnalist

Umar Faruq, mustaqil jurnalist

Umar Faruq AQShning bu siyosatini yoqlamayman, deydi, ammo…

“Qo’shma Shtatlar bu haqda ochiq gapiradi, nega bunday qilayotganiga izoh beradi. Bundan tashqari AQSh qora ro’yxatiga tushganlar jangari amaliyotlarga aralashgani ma’lum, O’zbekiston hukumati esa atrofdagilarga tahdid bo’lmaganlarning iziga tushgan. Masalan, siyosiy muxolifatchi Muhammad Solihning”, - deydi Umar Faruq.

Muxbir yaqinda Qirg’izistonda bo’lib, qamoqda Suriyadan qaytgan o’zbeklar bilan suhbat qilgan. Uning aytishicha, ular iqtisodiy nochorlikdan, mamlakatdagi adolatsizliklardan, ta’qiblardan, dinga erkin e’tiqod qila olmaganidan Suriyaga qochib, “Islomiy davlat”ga qo’shilgan.

“Turkiyada ham “Islomiy davlat”ga a’zo o’zbeklarni uchratdim. Ular Karimov rejimiga qarshi kurashmoqchi ekanini yashirishmadi, biroq O’zbekistonda harakatlanish uchun sharoit yo’qligini ta’kidlashdi”, - deydi muxbir.

Umar Faruq nazarida O’zbekiston hukumati siyosiy jarayonni erkinlashtirishi, haqiqiy muxolifatning ishlashi uchun imkoniyat yaratishi, odamlarning ekstremizmga berilmasligi uchun diniy partiyalarni ro’yxatga olib, ularning ishlashiga ruxsat berishi kerak.

“Masalan, Pokistonda diniy partiyalar ruxsat etilgan, matbuot erkin, saylovlar ochiq, ammo nega u yerda jangarilar faol, mamlakatning ayrim hududlari notinch” deya so'rayman muxbirdan.

“To’g’ri, Pokistonda vaziyat yaxshi emas. Yaxshi qonunlar bor, ammo ularning ijrosi oqsaydi. Diniy partiyalar siyosiy jarayonlarda ishtirok etishi mumkin, ammo ular parlamentda ko'p o'rin ololmagan, atigi 10-15 foiz odatda. Saylovchilar ularga ovoz bermaydi, chunki xalq ularning kundalik muammolarini hal eta oladigan partiyalarni saylaydi", - deydi jurnalist.

Umar Faruq Pokiston emas, Turkiyani misol qilib olaylik, deydi. Turkiya dunyoviy davlat bo'lsa-da, mamlakatni so'nggi 15 yildan beri boshqarayotgan "Adolat va taraqqiyot" partiyasi va Prezident Erdog'an islom diniga tayanadi, ammo hukumatning radikallashganini, ekstremistik faoliyat olib borganini ko'rmadik; yurt farovon, rivojlanmoqda, deydi jurnalist.

XS
SM
MD
LG