O'tgan yili 70 jurnalist halok bo'lgan

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda yaqinda amerikalik jurnalist va uning tarjimoni halok bo’ldi-yu, bu kasb hanuz dunyodagi eng xatarli sohalardan ekanini eslatdi.

Ayrim jurnalistlar urushlarni yoritayotib halok bo'ladi. Boshqalarini esa jinoyatchilar va siyosiy kuchlar yoki terrorchilar o’qqa tutadi. O’tgan yili jahonda 70 dan ziyod jurnalist o'lgan.

Vashingtonda "Newseum" degan maskan bor. Jurnalistika muzeyi. Har yili u yerda xotira marosimi o'tadi. Bu safar 20 erkak va ayol jurnalist alohida yodga olindi.

“2015-yil jurnalistlar uchun ayniqsa fojeali davr bo’ldi. Avvalgi yillardan ko’proq muxbirni, 20 kishini xotirlashga yig’ilganimiz bundan nishona”, - deydi muzey vakili Jeffri Xerbst.

Marhumlarning ism-sharifi Jurnalistlar memorialiga bitildi. Bu oynak yodgorlikda 1837-yildan beri nobud bo’lgan 2300 jurnalistning ismini ko’rasiz.

Fransiyadagi “Sharli Abdo” hajviy jurnaliga hujumda sakkiz jurnalist halok bo’lgan edi. Fransiya elchisi Vashingtondagi muzeyda so’zlab, terrorizmga qarshi kurash bahonasi bilan so’z erkinligini bo’g’ish holatlarini tilga oldi.

“Fransiya uchun bu shunchaki quruq so’zlar emas. Matbuot, fikr erkinligi himoyasi bu davlat uchun muhim qadriyatlar. Shu bois ham Parijda noyabrdagi xurujlar ortidan joriy etilgan favqulodda holat va cheklovlar matbuotga ta’sir qilmasligiga ishonch hosil qildik”, - deydi elchi Jerar Oro.

Terrorchilar, isyonchilar va hatto ayrim hukumatlar axborot oqimini nazorat qilish uchun jurnalistlarni o’ldirishdan toymaydi. Qo’shma Shtatlarda matbuot xodimlari ko’pincha alohida qurolli hujumlardan jon beradi. Vichitada fotograf Jozef Gulart 1976-yilda snayper qo’lidan o’lgan. Uning qizi Viki Xorton Vashingtondagi marosimga keldi.

“Otamni va barcha jasur jurnalistlarni e’zozlashdi. Bu kasb egalari nafaqat Amerika, balki butun dunyo uchun muhim xizmatni ado etib keladi. Ruhi shod bo’lsin”, - deydi Viki Xorton.

Virjiniyada reporter Alison Parker va uning operatori Adam Vard jonli efir paytida otib ketilgan edi. Ularni hamkasb jurnalist otib o’ldirgan, hujumni videoga olib internetga joylagan. Parkerning otasi deydiki, qurol nazorati uchun kurash kuchaygani otani jindak bo’lsa-da ovutganday.

“Qani endi hammasi tush bo’lsa, bu yerga kelishimga to’g’ri kelmasa”, - deydi u.

Vashingtondagi marosimda, shuningdek, Bangladesh, Braziliya, Kongo, Iroq, Meksika, Pokiston, Somali, Suriya va turkiyalik marhum jurnalistlar yodga olindi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG