Suriyaga oid hujjatli film xalqaro kino festivali sovrindori bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi fuqarolar urushi to’rtinchi yilga kirar ekan, Vashingtonda o’tgan xalqaro kino festivalida bu mamlakatdagi mojaro haqida yangi hujjatli film namoyish etildi. Unda rasmiy Damashqqa qarshi kurash olib borayotgan muxolifat jangarilaridan biri hayoti hikoya qilinadi.
Abdul Bosit Sarut to’rt yil avval Suriyaning futbol bo’yicha milliy yoshlar terma jamoasi a’zosi edi.

Ammo hukumatga qarashli tanklar uning ona shahri Himsga kirib borganida, 19 yoshli yigit isyonchilar safiga qo’shilishga qaror qildi.

Sarutning do’sti, videojurnalist Usama al-Himsiy Himsda yuz bergan otishmalarni suratga oldi. “Himsga qaytish” deya atalgan hujjatli filmni yaratishda uning tasvirlaridan foydalanildi. Film Suriya rejimiga qarshi bosh ko’targan ikki yosh yigit taqdiri haqida.

Tinch namoyishlar orqali o’z noroziligini izhor qilgan bu yoshlar keyinchalik qo’liga qurol olishga majbur bo’ldi.

Film prodyuseri - Orva Nayrabia.

“Bosit ukasining qanday o’ldirilishiga guvoh bo’ldi. Mahallada juda ko’p odam o’ldirildi. Usama oilasining xonadoni esa raketa hujumiga uchradi”, - deydi u.

Bosit va uning guruhidagi boshqa jangarilar bir necha bor Suriya kuchlari tomonidan Himsdan surib chiqarildi. Og’ir yo’qotishlarga qaramay, ular har safar yana ortga qaytdi. Hozir ham Himsdagi isyonchilar qamal ostida.

Film suratga olinayotgan payt Usama al-Himsiy Suriya askarlari tomonidan qo’lga olindi. Shundan beri uning qayerda ekani noma’lum.

Bosit inqilob qiyofasiga aylandi. Suriya hukumati uni o’z dushmanlari ro’yxatiga kiritgan.

Nayrabiya ushbu filmning boshqa joylarda ozodlik uchun kurash olib borayotgan insonlar uchun ilhom manbai bo’lishiga umid qilmoqda.

“Bu faqat Suriya haqida yoki bizning inqilob haqida emas. Hammamiz ozod bo’lishga haqlimiz va yaxshiroq kelajakka erishish uchun bir-birimizni qo’llab-quvatlashimiz kerak”, - deydi Nayrabia.

Vashingtonda o’tgan filmlar festivalida “Himsga qaytish” filmi Jahon kinematografiyasi hakamlari gran-prisiga sazovor bo’ldi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG