Tolibon Ispaniyaning Kobuldagi elchixonasiga hujum qildi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani so'zlariga ko'ra, Tolibon harakatining tinchlikka moyil a'zolari bilan yaqin orada "jiddiy" muzokaralar boshlanadi.

Poytaxt Kobulda matbuot anjumanida so'zlagan G'ani muloqot qachon boshlanishi va qayerda o'tishini ma'lum qilmadi.

"Murosa istagan tomonlar bilan gaplashishga tayyormiz, lekin zo'ravonlikdan voz kechmaydiganlarga qarshi kurash davom etadi", - dedi u.

Afg'on rahbari muzokaralar imkon boricha tezroq boshlanib, bir necha oy ichida yakun topishiga umid bildirmoqda.

Shu hafta Pokistonda 14 mamlakat ishtirokida Afg'onistonga bag'ishlangan anjuman bo'lib o'tdi. Xitoy, Hindiston, Eron va Rossiyani o'z ichiga olgan tashabbus Afg'onistonda barqarorlikni ta'minlash uchun mintaqaviy sa'y-harakatlarga urg'u beradi.

Kobul markaziga hujum

Bugun kechki payt Kobulning diplomatik idoralar va hukumat binolari joylashgan Sherpur mahallasida kuchli portlash va otishma ovozlari yangradi. Tolibon bir necha suiqasd xurujlari uyushtirganini ma'lum qildi.

Ispaniyaning Kobuldagi elchixonasi hujumga uchragani, xorijiy diplomatlar yashaydigan mehmonxonaga jangarilar bostirib kirgani haqida xabarlar kelmoqda.

Afg'oniston sharqida esa bir ayol, uch bola va razvedka xodimi bomba portlashidan halok bo'lgan. Voqea Jalolobodda, Nangarxor viloyatida ro'y berdi.

Viloyat rasmiylarining "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, rus tilida so'zlashuvchi bir ayol uch bolasi bilan qo'lga olingan. Uning jangarilar bilan aloqador ekani haqidagi gumonlarni tekshirish uchun olib ketilayotganda ayol o'zini portlatgan.

Tolibon ham, Nangarxorda manzillari borligi aytilayotgan "Islomiy davlat" guruhi ham bu voqeaga izoh berganicha yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG