Qodirjon Botirov: Qirg'iziston sudiga aybsizligim isbotini yubordim


Qodirjon Botirov

Qodirjon Botirov

2010-yilda Qirg'izistonni tark etishga majbur bo'lgan, janubdagi o'zbeklar jamoasi yetakchilaridan biri Qodirjon Botirov yangi dalillar asosida o'zini oqlashga harakat qilmoqda. Unga elatlararo adovat qo'zg'atish va separatizm kabi ayblovlar qo'yilgan.

Botirov jinoiy ishni qayta ko'rib chiqishni so'rab va dalillarni ilova qilib, Jalol-Obod viloyat sudiga ariza bergan. Rossiyadagi sud ekspertiza markazi Botirovga umrbod qamoq jazosi berilishiga sabab bo'lgan 2010-yilgi nutqni tahlil qilib, xulosalarini bergan. Unga ko'ra, Botirovning chiqishida millatlar o'rtasida adovatni qo'zg'atuvchi gaplar yoki bo'lginchlikka da'vatlar aniqlanmagan.

Analizni Moskvada lingvistik tadqiqotlarga ixtisoslashgan "Sud ekspertiza markazi" o'tkazgan. Qirg'iziston hukumati qo'ygan ayblovlar shubhali, deyiladi hisobotda.

Qirg'iziston sudi Botirovning 2010-yil 15-mayida Jalol-Obod shahrida o'zbek jamoasi oldida qilgan chiqishini ayblov uchun asos qilib olgan edi.

"Biz jinoiy ish materiallari bilan tanisha olmagan, advokatlarimiz sudga qo'yilmagan edi. Yaqinda hujjatlarni ko'rdik va ayblov nimaga asoslanganini aniqladik", - deydi Botirov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

"15-may kuni Xalqlar do'stligi universitetidagi mitingda qilgan nutqimda ekan gap. Qirg'iziston sudi uni o'zbekchadan qirg'izchaga o'girib, Fanlar Akademiyasiga ekspertizaga bergan va o'zlariga kerakli xulosani olishgan. Aslida bunday ekspertiza Adliya vazirligi qoshidagi markazda o'tkazilishi kerak edi. Tergov materiallarini qo'lga kiritgach, Moskvada ekspertizadan o'tkazib, taqqoslashga muvaffaq bo'ldik. Muvaqqat hukumat va prokuraturaning ochiqdan-ochiq buyurtmasi bo'lganini ko'rsatayapmiz", - deydi ayni paytda Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgan Botirov.

U O'sh voqealaridan keyin bosim ostida mamlakatdan chiqib ketgan. Keyinroq Qirg'iziston sudi javobgarning o'zi yo'q holda hukm chiqargan.

Mustaqil xalqaro tekshiruvlar O'shdagi qir'gin ortida hukumat vakillari turganini namoyish etdi. Biroq o'sha damda Qirg'iziston adliyasi voqealarda o'zbeklarni aybdor topib, jamoa yetakchilari va faollari bosimga uchradi, sudlar boshlanib, ularga uzoq muddatli qamoq jazolari berildi.

Xalqaro jamoatchilik bu jarayonlarni noxolis, buyurtma asosida amalga oshirilgan ish sifatida baholadi. Qodirjon Botirov ustidan 2011-yil 28-oktabrida Jalol-Obod shahar sudi chiqargan hukm shunday ishlardan biri deya ko'riladi.

Botirov nazarida Moskvadagi markaz xulosalari nafaqat uni, balki uning chiqishini efirga uzatgani uchun qamoq jazosini olgan "O'shTV" va "Me'zonTV" rahbarlarini ham mutlaqo oqlaydi.

Jalol-Obod sudiga yangi hujjatlarni ham qo'shib jo'natdik, deydi faol. "Biz hozir shu hujjatlarni ko'rsatishimiz kerak, aks holda ular yana hech narsa bo'lmagandek, yopiq eshiklar ortida bilganini qilaveradi".

O'sh fojeasidan ikki yil o'tib ham Qirg'izistonda millatlararo vaziyat keskinligicha qolmoqda. U yerdagi muhitni o'rgangan xalqaro mutaxassislar vaziyat yanada og'irlashishi mumkin, deya ogohlantirmoqda.

Mash'um voqealarda gumon qilingan qirg'iz arboblardan birortasi javobgarlikka tortilmagani xalqaro tashkilotlarni tashvishga soladi.

("Sud ekspertiza markazi" xulosalarining ayrimlari ilova qilingan)

Ilova-1
Ilova-2
Ilova-3
Ilova-4
Ilova-5

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG