Qandahor uchun kurash: Hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ketmoqda


Afg’oniston janubida xalqaro koalitsiya hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ko’rmoqda. NATO kuchlari mamlakatning ikkinchi eng yirik shahri va jangarilar o’chog’i Qandahorni qo’lga olmoqchi.

Shaharga minglab zobitlar jo’natilar ekan, Tolibon ham aholiga o’z hukmini o’tkazish uchun xurujlarga zo’r bermoqda.

NATOning Qandahordagi bazasi qarshisida navbatdagi portlash… odatdagidek, o’lganlar begunoh odamlar. Xunrezlik bu yerda har kungi holat.

Jangarilar bunday hujumlar orqali shahar uchun tish-tirnog’i bilan olishishini ma’lum qilmoqda. NATO operatsiyasidan maqsad Qandahorni ulardan tozalash, tinch aholiga yordam ko’rsatish, deydi qo’mondonlar.

“Qandahorga hujum jangari harakatining qoq yuragiga pichoq sanchish demakdir. Nafaqat harbiy missiya, balki afg’on hukumatining kelajagini hal qiluvchi jang”, - deydi general Jozef Blotz.

Afg’on muxolifati yetakchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla harbiy operatsiya ketidan shaharda tez fursatda siyosiy-ma’muriy o’zgarishlar qilinsa natija bo’lishiga ishonadi.

“Oddiy odamlar bilan gaplashsangiz, ular birinchi navbatda Qandahorda boshqaruvni yangilash kerak deyishadi. Tolibon va al-Qoida ikkinchi darajali masala”, - deydi Abdulla Abdulla.

Qandahorda hokimiyat prezident Hamid Karzayning ukasi – Ahmad Vali Karzay qo’lida. U mahalliy jangarilar bilan til biriktirganlik va narkotiklar savdosida gumon qilinadi.

G’arb rasmiylari, NATO qo’mondonlari masalani bir necha bor ko’targan. Lekin Ahmad Vali Karzay bu yerda katta amaldor, qo’lini qayerga uzatsa yetadi. Buning ustiga u prezident himoyasida emasmi, faoliyatini tekshirishga doir chaqiriqlar hozircha ish bergani yo’q. Siyosatshunos Stiv Koll deydiki:

“Ahmad Vali Karzayning qora ishlaridan AQSh hukumati xabardor. Tolibon bilan hamkorlik, narkotraffik, jinoiy xatti-harakatlari va hokazo. Unga o’zini tuzatib olish uchun vaqt berilyapti, xolos. Aks holda chora ko’riladi”.

Korrupsiyani yo’qotish va boshqaruvni yaxshilash uchun, deydi olim, Qandahorda mahalliy hokimiyat va xavfsizlikni kuchaytirish lozim.

“Hammasi siyosiy muhitni o’zgartirishdan boshlanadi. Fuqaro, tadbirkor, qabila yetakchilari, el hurmat qilgan oqsoqollarni jarayonga jalb etish, ular ishtirokida maslahat guruhlari ta’sis etish rejalangan. Nima qilish kerakligini ular o’zlari yaxshiroq bilishadi”, - deydi Stiv Koll.

Xavfsizlik va taraqqiyotni o’z ichiga olgan puxta yondashuv ish berishi tayin, deydi vaziyatni kuzatayotgan tahlilchilar. AQSh ko’makni oshirishga tayyor. Aholini himoya qilish uchun minglab zobitlar jo’natilyapti.

Mutaxassislar fikricha, xalqaro koalitsiya aholini o’z tomoniga og’dira olishi, ya’ni g’oyaviy-mafkuraviy kurash missiya natijasini belgilaydi.

"Urush va qashshoqlikdan to’ygan afg’onlar kim tomonda? Dehqon bo’ladimi, tadbirkor bo’ladimi, ularning xayolidan nimalar o’tyapti? Aholida Tolibonga nisbatan qo’rquv kuchli. Ular kimga ishonsin, xorijiy kuchlargami, afg’on hukumatigami, Tolibongami? Bu savollarga javob berish oson emas”, - deydi Stiv Koll.

Qandahorga yurish Tolibonga jiddiy zarba berib, afg’onlar ishonchini qozona olsa, bu to’qqiz yillik urushda tub burilish yasashi mumkin.

Jangarilarni haydab chiqarish, deydi qo’mondonlar, ishning oson qismi. Tinchlik uzoq muddatli bo’lishi uchun avvalo mahalliy siyosat o’zgarishi kerak.

XS
SM
MD
LG